Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sadir Japarov qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojarolarni hal etishda Shavkat Mirziyoyevning o‘rnini e’tirof etdi

Sadir Japarov qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojarolarni hal etishda Shavkat Mirziyoyevning o‘rnini e’tirof etdi

Qirg‘iziston Prezidenti haqidagi hujjatli filmda Sadir Japarov qirg‘iz–tojik chegarasidagi keskin vaziyat haqida to‘xtalib, o‘zaro murosaga kelishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maslahati va vazmin diplomatik yondashuvi ahamiyatli bo‘lganini ta’kidladi.

«Sammitlarda va uchrashuvlarda birinchi bo‘lib Tojikiston rahbariga «keling, o‘tirib chegara masalasini gaplashib olaylik», deb aytdim. Avvaliga u bunga rozi bo‘lmadi. Ikkinchi bor uchrashganimizda esa Tojikiston tomoni chegara masalasini muhokama qilishga rozilik bildirdi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashim kerakki, bunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘rni juda katta bo‘ldi. U kishi «muammolarni hozir, shu yerning o‘zida hal qilishingiz kerak, keyin imkon bo‘lmasligi mumkin. Yon berishga borish zarur», deb maslahat berdi. Shundan so‘ng ikki rahbar bir stol atrofida o‘tirib, chegara muammosini hal qildik», – deydi Qirg‘iziston prezidenti.

Filmda, shuningdek, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ham muhim faktlarni ochiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Mirziyoyev agar mojaro bartaraf etilmasa, mintaqaga xorijiy investitsiyalar kelmasligi, sayyohlar oqimi to‘xtashi va iqtisodiy rivojlanish izdan chiqishi haqida qat’iy ogohlantirgan. Aks holda, Markaziy Osiyo hanuz «qoloq mintaqa» sifatida qabul qilinishini ta’kidlagan.

«Tashqaridan qaraganda barcha davlatlar nomi «-iston» bilan tugagani uchun ularni bir xil, doim mojaroli hudud sifatida qabul qilishadi», degan edi O‘zbekiston rahbari», – deya eslaydi Kulubayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring