Samarqand shahri hududi 17,2 ming gektarga kengaytiriladi
Samarqand shahri hududi Samarqand tumanini tugatish hamda Oqdaryo, Pastdarg‘om va Toyloq tumanlarining bir qismini shahar tarkibiga qo‘shish hisobiga kengaytiriladi. Mazkur masala Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida muhokama qilindi.
Samarqand shahriga jami 17 226,5 gektar yer maydoni qo‘shilishi belgilangan. Shundan:
- Oqdaryo tumanidan — 1 410,6 gektar;
- Pastdarg‘om tumanidan — 1 243,3 gektar;
- Samarqand tumanidan — 13 308 gektar;
- Toyloq tumanidan — 1 265,6 gektar.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, hududlarni qayta tashkil etish orqali ayrim ma’muriy, kadastr va kommunal muammolarni ham hal qilish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, ayrim hududlarda tuman va shahar chegaralari sababli kadastrni rasmiylashtirish, kommunal xizmatlardan foydalanish hamda mulk masalalarida muammolar yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Misol sifatida bir binoning ayrim kirish qismlari Samarqand tumanida, qolgan qismi esa Samarqand shahrida joylashgan holatlar mavjudligi aytildi. Yangi ma’muriy-hududiy chegaralarni belgilash orqali bunday muammolarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Shuningdek, shaharga qo‘shiladigan yangi hududlarni Samarqand markazi bilan samarali bog‘lash, transport tirbandliklarini kamaytirish va aholiga qulay jamoat transporti xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga ham e’tibor qaratiladi.
Mutasaddilar Samarqand shahrida transport oqimi ortib borayotgani sababli yo‘l va jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Bunda avval ishlab chiqilgan bosh reja mavjud transport oqimlaridan kelib chiqib takomillashtirilishi rejalashtirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter