San’atkor va boshlovchilar daromadlarini soliqqa tortish rejalashtirilyapti
Adliya vazirligi konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga doir Prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilar va ijodiy jamoalarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlari soliq organlarining «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatga olinishi reja qilinyapti.
Shuningdek, ijrochilar 2026-yil 1 sentyabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni «bir xizmat — bir to‘lov» tamoyili asosida tabaqalashtirilgan qat’iy miqdorlarda amalga oshirishi belgilanmoqda.
To‘lov miqdorlari, Toshkent shahrida ko‘rsatiladigan bitta xizmat uchun:
- 1-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 3 baravari;
- 2-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 2 baravari;
- 3-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 1 baravari.
Nukus shahrida va viloyat markazlarida ko‘rsatiladigan bitta xizmat uchun:
- 1-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 2 baravari;
- 2-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 1 baravari;
- 3-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 0,5 baravari.
Boshqa shaharlar va qishloq joylarda ko‘rsatiladigan bitta xizmat uchun:
- 1-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 1 baravari;
- 2-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 0,5 baravari;
- 3-reyting guruhi ijrochilari uchun — BHMning 0,25 baravari.
Shuningdek, 2029-yil 1-yanvardan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilar va ijodiy jamoa tomonidan faqat naqdsiz to‘lov asosida amalga oshirishi belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tartib orqali konsert-tomosha faoliyatida soliq to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish yo‘li bilan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek davlat budjeti daromadlarini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter