Sirdaryolik fermerning seleksiyadagi izi: «An-Boyovut-2» tarixi
Boyovut tumanining «O‘zbekiston» mahallasida yoshi saksonni qoralab qolgan fidoiy inson «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Xudoyqul aka Mahkamov istiqomat qiladi. U kishi paxtachilikda dehqonlarimizga yaxshi tanish, mashhur «An-Boyovut» paxta navining hammualliflaridan biridir.
– Taqdir meni o‘z davrining fidoiy odamlari bilan uchrashtirgan, – deydi Xudoyqul aka. – Seleksioner olimlar bilan tanishganimda 30 yoshda edim. FAning eksperimental biologiya ilmiy tekshirish institutining Boyovut stansiyasida uzoq tajriba olib borildi. Nav mualliflaridan Saodat Sodiqov, Solijon Sultonov, qoraqalpog‘istonlik Remer Rahimboyevlar qatorida menga ham nav muallifligi berildi. Nav asosan, 1970-76 yillarda yaratilgan. 1983 yilda rayonlashtirilgan. 9 xil patent berilgan, ular orasida tezpishar va o‘rta pishar navi ajralib turadi. «An-Boyovut-2» navining ham o‘ziga xos tabiati bor. Undan yuqori hosil olish uchun yer yaxshi tayyorlangan bo‘lishi kerak. Tabiatan suvsizlikka chidamli, shu jihati bilan bizning cho‘l sharoitimizga moslashgan. Yaxshi ishlov berilsa, gektariga 45 sentnerdan hosil olish mumkin. Tolasining sifati yaxshi, mustahkam, 5-tip talabiga javob beradi. Bu nav dehqonlarimiz ishonchini oqladi.
Otaxon ayni paytda farzandlari mehnat qilayotgan «Mahkamov Jahongir» fermer xo‘jaligiga ham yaqin maslahatchi, bosh-qosh. Bugun innovatsiya va fan shu qadar ilg‘orlab ketdi, ammo, zahmatli mehnat hali ham o‘z samarasini berib kelmoqda. U chindan-da tarixiy jasoratdir.
O‘ljaboy Qarshiyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter