Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent ko‘chalaridan birida haydovchilarni ogohlantiruvchi maxsus mayoqlar o‘rnatildi

Toshkent ko‘chalaridan birida haydovchilarni ogohlantiruvchi maxsus mayoqlar o‘rnatildi

Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon) texnologiyasi — yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi.

Yangi tizim haydovchilarga piyodalar o‘tish joyini uzoq masofadan aniq ko‘rish imkonini beradi. U, ayniqsa, transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan.

Loyiha doirasida ogohlantiruvchi signal chiroqlari yo‘l chetlarida, ko‘chaning markaziy qismida va qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyada o‘rnatildi. Shuningdek, yo‘lning ikki tomoniga chaqiruv tugmalari bilan jihozlangan ustunlar joylashtirilgan. Piyoda tugmani bosgach, ustunlardagi yorqin sariq chiroqlar avtomatik ravishda yonib, haydovchilarni piyodaning yo‘lni kesib o‘tishi haqida ogohlantiradi.

Bundan tashqari, «Piyodalar o‘tish joyi» belgisi ham yorug‘lik beruvchi maxsus konstruksiya ko‘rinishida tayyorlangan. Bu esa tungi vaqtda o‘tish joyining uzoqdan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.

AQSh Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlariga ko‘ra, oddiy tartibga solinmagan «zebra»larda haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish ko‘rsatkichi o‘rtacha 18-30 foiz atrofida bo‘lsa, RRFB chiroqlari o‘rnatilgandan so‘ng bu ko‘rsatkich 98 foizgacha yetishi mumkin. Shuningdek, haydovchilar ogohlantiruvchi chiroqlarni oldindan ko‘rib, tezlikni bosqichma-bosqich pasaytirishi hisobiga keskin tormozlanish holatlari ham kamayadi.

Qayd etilishicha, bu O‘zbekistonda RRFB texnologiyasini yo‘l infratuzilmasiga pilot loyiha sifatida joriy etish bo‘yicha ilk tashabbuslardan biri hisoblanadi. Sinov natijalari ushbu tizimning piyodalar xavfsizligini oshirishdagi samaradorligini baholash imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring