Toshkentdagi ko‘chalardan birida harakatlanish tartibi o‘zgartirildi
Poytaxtning serqatnov hududlaridan biri — Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasida transport oqimini tartibga solish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida yangi loyihaviy yechim joriy etildi.
Avval Mustaqillik ko‘chasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilish imkoniyati mavjud edi. Biroq transport vositalari oqimining ortishi, ayniqsa tig‘iz vaqtlarda ushbu manyovr chorraha hududida transport vositalarining to‘planib qolishiga sabab bo‘layotgani kuzatildi.
Shu bois Mustaqillik ko‘chasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga chapga burilish cheklandi.
Endilikda Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga harakatlanayotgan haydovchilar:
- Mustaqillik ko‘chasi bo‘ylab to‘g‘ri harakatlanadi;
- Parkent ko‘chasiga buriladi;
- Mustaqillik ko‘chasiga qayta chiqib, o‘ngga burilish orqali Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga kiradi.
Shu bilan birga, Parkent ko‘chasidan Mustaqillik ko‘chasiga chiquvchi transport vositalari uchun ham yangi harakatlanish imkoniyati yaratildi. Haydovchilar yangi tashkil etilgan ikki tomonlama harakat yo‘lagi orqali Mustaqillik ko‘chasiga qo‘shilishlari mumkin.
Mazkur yechim chorraha hududida transport vositalarining to‘planib qolishini kamaytirish, transport oqimining uzluksiz va bir maromda harakatlanishini ta’minlash hamda yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Haydovchilardan hududda o‘rnatilgan yo‘l belgilari va yangi harakatlanish tartibiga rioya qilish so‘ralmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter