Toshkentdagi ko‘chalardan biri 30 avgustgacha yopiladi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari sabab Bunyodkor shoh ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi.
Chilonzor tumani hokimining tegishli qarori va vakolatli tashkilotlar ruxsatnomalari asosida Bunyodkor shoh ko‘chasining ikkinchi darajali qismi bo‘ylab, KXAY yo‘lining Chilonzor metro bekatidan So‘galli ota ko‘chasigacha bo‘lgan hududda mavjud suv tarmog‘i mukammal ta’mirlanadi.
Loyiha doirasida «Toshkent shahar Suv injiniring kompaniyasi» tomonidan eskirgan suv quvurlari yangilanadi.
Shu sababli 2026 yil 28 iyul soat 23:00 dan 30 avgustga qadar Bunyodkor shoh ko‘chasining mazkur qismida bir tomonlama avtomobil harakati vaqtincha yopiladi.
Mas’ullar haydovchilar va piyodalardan ta’mirlash ishlari olib borilayotgan hududda ehtiyotkor bo‘lish, vaqtinchalik yo‘l harakati cheklovlariga rioya qilish hamda muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni so‘radi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter