Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urganch aeroportida yo‘lovchilar oqimi 4 karra oshadi

Urganch aeroportida yo‘lovchilar oqimi 4 karra oshadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi Urganch xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishishdan boshlandi. Aeroportda rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal barpo etilmoqda.

1960-yilda ishga tushirilgan aeroportga 1992-yilda xalqaro maqom berilgan. Bugun u orqali o‘nga yaqin nufuzli aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilda aeroport tomonidan 126 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 31 foizga ko‘p.

Aeroportni kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 264 mln dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, xususiy sherik sifatida Janubiy Koreyaning «Incheon International Airport Corporation» kompaniyasi jalb etilgan.

Rekonstruksiya natijasida aeroportda «Boeing 747» va «Airbus A350» kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu Xorazmga turli qit’alardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq masofali parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkonini kengaytiradi.

Birinchi bosqich doirasida 18 ta samolyot turargohi va yangi burilish yo‘lagi quriladi. Shuningdek, zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari hamda kechayu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti tashkil etiladi.

Aeroportda dunyo brendlari joylashtirilgan «Duty free» zonasi ham ishga tushiriladi. Bu infratuzilma xalqaro delegatsiyalar va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan.

Loyiha to‘liq yakunlangach, Urganch xalqaro aeroportining yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 300 nafargacha oshadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, diplomatik uchrashuvlar, iqtisodiy va madaniy anjumanlar o‘tkaziladigan global maydonga aylanayotganini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring