Xorazmda sut mahsulotlari ishlab chiqarish kengaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanidagi «Tillo domor» korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Korxona sut yetishtirish salohiyati yuqori bo‘lgan Xorazmda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan loyihalardan biri hisoblanadi.

Korxonaning umumiy qiymati 11 mln dollar bo‘lib, yiliga qariyb 100 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarish majmuasi Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq va kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari tayyorlanmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi va aholidan xarid qilinadi.
Korxonada hozir 120 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatilgan.
Kelgusida korxonada yana 100 ta yangi ish o‘rni tashkil etish va mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Xomashyoning aholi va fermerlardan muntazam xarid qilinishi chorvachilik bilan shug‘ullanayotganlar uchun barqaror sotuv bozorini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 1 ming 200 ga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda. Bu korxonalarning ko‘payishi mahalliy xomashyoni sanoat usulida qayta ishlash va qo‘shilgan qiymatni oshirish imkonini kengaytirmoqda.
Prezident mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter