Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda yoshlar uchun Kasblar shaharchasi tashkil etildi

Xorazmda yoshlar uchun Kasblar shaharchasi tashkil etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Majmua mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan.

Texnikumni barpo etish uchun davlat budjetidan 72,4 mlrd so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 ming 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona va ikkita zamonaviy o‘quv ustaxonasi qurilgan.

Bu yerda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim orqali nazariy bilim ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘lanadi.

2026–2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Ta’lim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarni egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.

Texnikum Xorazmdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham amaliy baza vazifasini bajaradi. Viloyatdagi ta’lim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi.

Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

Kasblar shaharchasida yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash hamda ularni muayyan kasblarga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan. «O‘zing yasab ko‘r» tamoyili asosida o‘quvchilar zamonaviy uskunalarda amaliy ko‘nikma hosil qiladi.

Majmuada transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda «yashil» energetika kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan. Prezident ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va ushbu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring