Xodimlarni dam olish kunlari ishlashga majburlash taqiqlangan — Mehnat inspeksiyasi
Ayrim hududlarda xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlarida turli topshiriqlarni bajarishga majburan jalb etish holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushmoqda. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Inspeksiya majburiy mehnat qonunchilik bilan taqiqlanganini eslatdi. Xodimni jazo yoki bosim tahdidi ostida, uning roziligisiz mehnatga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan fuqarolarni asossiz yoki majburan reyestrdan chiqarish holatlari ham kuzatilayotgani ma’lum qilindi. Bu fuqarolarning davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya va ko‘maklardan foydalanish imkoniyati cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Davlat mehnat inspeksiyasi hech qanday topshiriq xodimning mehnat huquqlari yoki fuqaroning ijtimoiy himoya huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmasligini ta’kidladi.
Murojaatlar o‘rganilib, qonunbuzilish holatlari tasdiqlangan taqdirda, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi.
Hududlardagi rahbarlarga ham bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ogohlantirishlar yuboriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter