Misrda hind sayyohlari 2000 yil avval qoldirgan «graffiti»lar topildi
Luksordagi Podshohlar vodiysi.
Misrning mashhur Podshohlar vodiysida qadimgi hind sayyohlariga tegishli izlar topildi. Olimlar uchta qadimiy hind tilida bitilgan o‘nlab yozuvlarni o‘rganib chiqishdi, deb xabar berdi Live Science.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu yozuvlar oltita dahma majmuasida aniqlangan. Lozanna universiteti professori Ingo Shtrauxning aytishicha, ular Misr Rim imperiyasi tarkibida bo‘lgan va sayyohlarni faol jalb qilgan davrga oid.
Yozuvlardan biri sanskrit tilida bo‘lib, uning muallifi Indranandin ismli shaxs o‘zini shoh Kshaxarataning elchisi deb tanishtirgan. Shtrauxning taxminicha, Indranandin boshqa hindlar bilan birga kemada Berenika portiga kelgan va u yerdan mamlakat ichkarisiga — Podshohlar vodiysiga yo‘l olgan.
Foto: Ingo Shtraux
Ma’lumotlarga ko‘ra, yozuvlarning yarmi Hindiston janubida qo‘llanilgan qadimgi tamil tilida bitilgan. Beshta dahmada «Chikay Korran» ismi sakkiz marta uchraydi. Fransuz tadqiqotchisi Sharlotta Shmidning e’tiborini ushbu shaxs o‘z ismini devorlarning juda baland qismiga yozgani tortdi. Xususan, uning ismi fir’avn Ramzes IX maqbarasiga kirish joyidan besh metr balandlikda joylashgan.
Olimlar Korran yollanma jangchi yoki savdogar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda, biroq uning aniq maqomi va nega ismini bu qadar balandga yozishga harakat qilgani hozircha sirligicha qolmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter