Yiqilgan emas, qayta tura olmagan yutqazadi – «Tokioga yo‘l» taqdimoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida uzoq kutilgan “Tokioga yo‘l” filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Film Kinematografiya agentligi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Orient Financ Bank, Yandex Go, Kinopoisk, P&G, Intercontinental Hotel, Heisie Project, Ceremony va “Conglomerate Studio” MChJ tomonidan taqdim etildi.

“Tokioga yo‘l” filmi O‘zbekiston iftixori, boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, u orqali Yangi O‘zbekistonda sport sohasidagi islohotlar natijadorligining amaliy isboti namoyish etilgan.

“Tokioga yo‘l” – oddiy sport filmi emas, balki og‘riqni yenggan iroda, sinmagan ruh va hech qachon so‘nmaydigan orzular haqidagi yurakni larzaga soluvchi milliy kino hikoyasidir. U insonni o‘z chegaralaridan oshishga, ishonishga va hatto eng og‘ir pallada ham taslim bo‘lmaslikka undaydi. Bu – butun millat yuragi bilan uriladigan, har bir tomoshabinni ich-ichidan silkitadigan katta sayohatdir.

Mazkur film milliy kontent sifatida O‘zbekiston imijini xalqaro maydonda mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalarini keng jamoatchilikka namoyish etadi.

Film taqdimoti va namoyishlari xorijda, jumladan Yaponiyada tashkil etilishi, shuningdek, onlayn platformalar orqali keng auditoriyaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Film ijodkorlari:
Ssenariy mualliflari: S. Kuzminih, N. Narzullayev, S. Abbosov;
Sahnalashtiruvchi rejissyor: Akrom Isakov;
Sahnalashtiruvchi operatorlar: H. Aliyev, B.Yo‘ldashev, A. Aleynikov, J.Abdurahmonov, B.Berdiyev;
Sahnalashtiruvchi rassom: D. Abduraxmonov;
Montaj ustasi: M. Nasulloyev.
Filmda asosiy rollarni Dadaxon Obidov, Saida Rametova, Boir Xolmirzayev, Filip Reynxard, Osamu Yamomoto, Masaya Kato, Kaan Yalchin, Mariya Shamshina, Richard Li Uilson, Erkin Komilov, Javohir Zokirov, Behzod Muhammadkarimov, Farhod Boltayev, Gulruh Pirnazarovalar ijro etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter