Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shukronalik omad eshiklarini ochadi

Shukronalik omad eshiklarini ochadi

foto: depositphotos.

Erkakning topganida baraka bor, degan tushuncha to‘g‘ri aytilgan. Sababi, ular pullarni qanday sarflashni bilishadi, ayollar esa huda-behudaga pul ketkazishni yaxshi ko‘rishadi, ko‘p xarajat qilishadi. «Erkakning ishlab topgan puli o‘zining emas, balki xotinining kiyimiga qarab ayon bo‘ladi», deyishadi irlandlar. Erkaklarda aql, ayollarda esa hissiyot birinchi o‘rinda bo‘lgani sababli, oila boshliqlari ortiqcha pul sarflayvermaydi.

Lekin bir haqiqat ham bor: erkaklar kamxarj bo‘lganliklari bilan ayollar pulning qayerdan kelishini sezadilar. Demak, ayol erkaksiz, erkak ayolsiz ish qila olmaydi. Erkakning pulini ko‘paytiradigan, daromad yo‘lini ochadigan baribir ayoldir.

Aziz ayollar, qanchalik ochiqchehra, tetik, quvnoq, optimist bo‘lsangiz, turmush o‘rtog‘ingiz uchun pul kelishi oqimini shunchalik ochib beraverasiz. Bu hayot qonuni, ayol quvvat beraveradi, erkak pulni to‘g‘ri sarflab, daromadini orttiraveradi. Shu tariqa biz bir-birimizga sherikmiz, o‘zaro bog‘langanmiz.

Yana bir gap, baxtli bo‘lsangiz, omad tez keladi. Chunki ichki uyg‘unlik, xursandchilik bilan muvaffaqiyatga tezroq erishasiz. Oilangiz tinch, farzandlaringiz bilan xursand bo‘lib yursangizgina, omad sizga o‘z eshiklarini ochadi. Bunga zid o‘laroq, har kuningizni noshukrlikda o‘tkazsangiz, hayotingizdan salbiy tomonlarni izlayversangiz, omadni o‘zingizdan uzoqlashtirasiz.

Faqatgina katta omadga erishgandan so‘ng xursand bo‘lish kerak emas. Ehtimol hozir ham omadlidirsiz, buni ilg‘amayotgandirsiz? Ko‘ryapsizmi, nimanidir qila olyapsizmi, eshityapsizmi, shukr qiling. Hatto eng mitti yutug‘ingizni ham nishonlang. Eng kichik yutug‘iga xursand bo‘lgan, shukrona aytgan odamga koinot katta yutuqlar beradi. Avval mayda omadlarni eslab shukr qiling, keyin katta muvaffaqiyatlar keladi. Katta natijalarga erishish uchun avval kichik yutuqlarni qayd etish kerak. Mitti muvaffaqiyatlarni o‘z vaqtida tan olish, e’tibor qaratish, quvonish, shukr qilish zarur.

Har kungi yutuqlarni inobatga olish ham nihoyatda muhim. Shunday qilib ko‘ring, kayfiyatingiz ko‘tarinki bo‘lishini ko‘rasiz! Biror yumushni «bajarishim kerak» deb amalga oshirmang, balki buni chin dildan xohlang. Kerak deb hisoblasangiz, u sizga yuk bo‘lib qoladi. Aksincha, shu ishni xohlayman, uni amalga oshirganim qanday yaxshi bo‘ldi, desangiz, ruhiyatingiz ham ko‘tariladi, bu yanada ko‘proq yutuqlarga erishishga ko‘maklashadi. Hayotiy qilib aytganda, siz «kerak» degan so‘zni olib tashlab, o‘rniga «xohlayman» degan so‘zni qo‘llang.

(«Go‘zal hayot tilsimi» kitobidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring