Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«75 maktub» ishi: Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinish jinoyati doirasida so‘roqqa chaqirildi

«75 maktub» ishi: Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinish jinoyati doirasida so‘roqqa chaqirildi

Qirg‘izistonda shov-shuvga sabab bo‘lgan «75 maktub» ishi doirasida bir qator sobiq yuqori lavozimli amaldorlar IIVda so‘roq qilindi. Bu haqda advokat Sherdor Abdikafarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq deputat Kurmankul Zulushev va Jogorku Keneshning sobiq torag‘asi Nurlanbek Turgunbek uulu (Nurlanbek Shakiyev) tergov organlari tomonidan chaqirtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, ularga nisbatan avval boshqa figurantlarga ham qo‘llangan ayblovlar doirasida savollar berilgan. Gap og‘ir jinoyat tarkiblari – ommaviy tartibsizliklar tashkil etish va davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholanayotgan harakatlar haqida bormoqda.

Manbalarga ko‘ra, so‘roqlar IIV Bosh tergov boshqarmasida o‘tkazilgan va bir necha soat davom etgan. Shundan so‘ng so‘roq qilingan shaxslar idora binosini tark etgan. Ayni paytda rasmiylar tomonidan ayblovlar mazmuni va tergov jarayoni bo‘yicha batafsil ma’lumot ochiqlanmagan.

«75 maktubi» nima?

Mazkur ish 2026-yil fevral oyida 75 nafar shaxs tomonidan prezident Sadir Japarov va parlament rahbariyatiga yuborilgan murojaatdan so‘ng boshlangan. Unda muddatidan avval prezident saylovlarini o‘tkazish taklif etilgan.

Shundan keyin mamlakatda qator siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jumladan, Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etildi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi qayta tashkil etildi. Bir qator amaldorlar o‘z lavozimlarini tark etdi hamda Nurlanbek Turgunbek uulu torag‘a lavozimini va deputatlik mandatini topshirdi. Kurmankul Zulushev ham deputatlik vakolatlarini tugatdi.

Keyinchalik ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «75 maktubi»ni imzolagan ayrim shaxslar hibsga olindi. Ular ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishda ayblanmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov avvalroq Qamchibek Tashiyev mazkur murojaat mualliflari bilan uchrashuvlarni rad etganini bildirgan. Shu bilan birga, davlat rahbari uni qayta davlat lavozimiga tayinlash rejasi yo‘qligini ta’kidlagan.

Konstitutsiyaviy sud esa prezident saylovlari belgilangan muddatda – 2027-yil yanvarda o‘tkazilishi kerakligini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring