Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aholisi eng ko‘p shaharlar reytingida yetakchi o‘zgardi

Aholisi eng ko‘p shaharlar reytingida yetakchi o‘zgardi

Jakarta.

Foto: Getty Images

BMTning so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, Jakarta sayyoramizning eng aholisi ko‘p shahriga aylanib, Tokioni birinchi o‘rindan tushirib yubordi. Indoneziya poytaxtida 42 mln kishi istiqomat qiladi, bu boshqa megapolislar ko‘rsatkichlaridan yuqori, deb yozdi The Guardian.

Reytingda ikkinchi o‘rinni 37 mln kishi yashovchi Dakka (Bangladesh poytaxti) egalladi.

Ushbu tadqiqotda uchta qo‘shni prefekturani o‘z ichiga olgan aglomeratsiya sifatida ta’riflangan Tokio 33 million aholisi bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Yangicha usulda hisoblash sababli BMTning 2018-yildagi hisoboti bilan tafovutlar yuzaga keldi, yetti yil avval Yaponiya poytaxti 37 mln aholisi bilan reyting yetakchisi edi.

Shaharlarning reytingda joylashuvi o‘zgarishi shahar, uning atrofi va va qishloq hududlarini yanada izchil tasniflashni ta’minlaydigan yangilangan hisoblash metodikasini qo‘llash bilan bog‘liq. «Yangi baholash o‘xshash demografik va geofazoviy mezonlarga asoslangan shahar hududi chegaralarini xalqaro miqyosda yanada taqqoslanadigan aniqlashni ta’minlaydi», — dedi BMT departamentining aholini baholash va prognozlash bo‘limi boshlig‘i Patrik Gerland.

Ma’lumotlar urbanizatsiya jadal o‘sayotganini ko‘rsatadi: 1950-yildan buyon shaharlar aholisi soni ikki baravardan ko‘proq oshdi, o‘shanda ular Yer yuzida yashovchi jami 2,5 milliard aholining 20 foizini tashkil qilgan. Hozir esa sayyoramizning 8,2 milliard aholisining deyarli yarmi shaharlarda yashayapti.

Jahondagi aholisi eng ko‘p 10 shaharning 9 tasi Osiyoda joylashgan: Jakarta, Dakka, Tokio, Nyu-Deli (Dehli), Shanxay, Guanchjou, Qohira (Misr, Afrika), Manila, Kalkutta va Seul.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring