Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Arablar Putindan xafa bo‘ldi – sabab ma’lum

Arablar Putindan xafa bo‘ldi – sabab ma’lum

Rossiya prezidenti Saudiya valiahd shahzodasi bilan.

Foto: RIA “Novosti”

Erondagi urush sabab Rossiya hamda Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar darz ketdi. Buyuk Britaniyaning The Times gazetasi yozishicha, Moskva AQSh va Isroilga qarshi urushayotgan Eronni ochiq qo‘llab-quvvatlagani arab monarxlariga yoqmagan.

Eron AQSh va Isroil hujumiga javoban Qo‘shma Shtatlaning arab davlatlaridagi baza hamda ob’yektlariga raketa va dronlar orqali zarba yo‘llamoqda. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya Eronga AQShning Ko‘rfazdagi ob’yektlariga zarba berish uchun sun’iy yo‘ldosh va razvedka ma’lumotlarini taqdim etmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu xabarni rad etdi va AQShning harbiy bazalari joylashuvi mintaqada barchaga ma’lum ekanini bildirdi. The Times nashriga ko‘ra, arab davlatlari Moskvaning bu bayonotidan qoniqmagan va Rossiya rahbariyatidan xafa bo‘lgan.

Gulf Research Center hisob-kitobiga qaraganda, 28 fevraldan 3 aprelga qadar Eron arab davlatlariga 6350 marta zarba yo‘llagan. Mintaqadagi davlatlardan BAA eng ko‘p jabr ko‘rgan, raketa va dron hamlalarining 40 foizi (2514 ta holat) amirlikka to‘g‘ri kelgan. Rossiya Eronga hujumlarda ko‘mak berayotgani haqidagi ovozalar fonida BAA Rossiya bilan do‘stona munosabatlarni davom ettirish mumkinmi degan masalani faol muhokama qilayotgani aytilmoqda.

Rossiya hamda arab davlatlari o‘rtasidagi diplomatik ziddiyat xalqaro tashkilotlar faoliyatida ham namoyon bo‘lmoqda. Gap shundaki, arab davlatlari BMT Xavfsizlik kengashi orqali Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish talabi qo‘yilgan rezolyusiyani qabul qilishga urindi.

Kuni kecha Kengash Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun Eronga qarshi kuch ishlatishga ruxsat beruvchi rezolyusiyani rad etdi. Mazkur hujjatga Rossiya va Xitoy veto qo‘ygan.

Ushbu tashabbus arab davlatlari uchun ramziy ma’noga ega edi. Mudofaa borasida to‘liq AQShga suyangan arablar Eronga qarshi harbiy kuch ishlatishi dargumon. Ammo ular BMT Xavfsizlik kengashi ma’qullagan hujjat orqali xalqaro maydonda o‘z manfaatlarini himoya qilish va diplomatik qo‘llov olishni mo‘ljallagan edi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali energiya manbalarining to‘sqinliksiz o‘tishi BAA, Qatar, Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bu davlatlar neft va gazning asosiy qismini bo‘g‘oz orqali eksport qiladi.

Financial Times hisob-kitobiga ko‘ra, Eron AQSh va Isroil agressiyasiga javoban bo‘g‘ozdagi harakatni qat’iy nazoratga olgani va mintaqadagi energetika ob’yektlariga zarba bergani oqibatida Ko‘rfaz mamlakatlari kuniga 2,3 milliard dollar zarar ko‘rmoqda.

Iqtisodiy zarar oshib borishi fonida Rossiyaning BMT rezolyusiyasiga veto qo‘yishi arablar tomonidan “xiyonat” sifatida baholanmoqda.

2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganida aksar arab davlatlari betaraf pozitsiyani egalladi. BAA, Qatar va Saudiya Arabistoni Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarga vositachilik qilgani ham ma’lum. Ammo Eronga qarshi urush boshlangach, Moskva betaraf maqomda qolmay, ochiq-oshkora Tehronning tarafini olgani arablarga xush kelmagan.

Ana shu vaziyatda to‘rt yil mobaynida Rossiyaga qarshi urushda toblangan Ukraina Eron dronlarini urib tushirish borasida arablarga ko‘mak taklif qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mart oyida Ko‘rfazga turnesi davomida Saudiya, Qatar, BAA bilan mudofaaga oid bitim imzoladi.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Erondagi urush yakunlangach, arab davlatlari Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishi, hatto Ukrainaga ochiq ko‘mak berishi mumkin.

Avval xabar berganimizdek, Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashib borayotgan pallada Ko‘rfaz davlatlari AQShning ularni himoya qilish salohiyatiga ham ishonchni yo‘qotdi. Shunga ko‘ra Eron urushidan keyin AQShni ittifoqchi deb bilgan va Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotiga milliardlab dollar sarmoya kiritgan Ko‘rfaz davlatlari istiqbolda Vashington bilan ham munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi taxmin etilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring