BAA Ho‘rmuzni aylanib o‘tuvchi neft quvurini ishga tushirmoqchi
Birlashgan Arab Amirliklari Ho‘rmuz bo‘g‘oziga qaramlikni kamaytirish maqsadida yangi neft quvuri qurilishini jadallashtirishga qaror qildi.
Abu Dhabi Media Office ma’lumotiga ko‘ra, Abu-Dabi valiahdi shayx Xolid bin Muhammad bin Zoid ADNOC kompaniyasiga West-East Pipeline loyihasini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan. Yangi quvur 2027-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Loyiha amalga oshirilsa, BAAning Fujayra orqali neft eksport qilish quvvati ikki baravarga oshadi. Bu mamlakatga neftni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tgan holda jahon bozoriga chiqarish imkonini kengaytiradi.
Hozirda BAAdagi Habshan–Fujairah neft quvuri kuniga 1,8 million barrel neft tashish quvvatiga ega. Mazkur infratuzilma Fors ko‘rfazi orqali eksportda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, BAA va Saudiya Arabistoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tashqari yo‘nalishlar orqali neft eksport qila oladigan yagona Fors ko‘rfazi davlatlari hisoblanadi.
Fevral oyi oxirida AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyalari fonida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harakatni deyarli to‘xtatgan. Ushbu bo‘g‘oz orqali odatda jahon neftining qariyb beshdan biri tashilar edi.
Tahlilchilar fikricha, mazkur vaziyat global energiya bozorida jiddiy bosimni kuchaytirgan. Neft va yoqilg‘i narxlari keskin oshib, ayrim davlatlarda yoqilg‘i taqchilligi va inflyasiya xavfi yuzaga kelgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter