Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bahorda olgan kiyimingiz kuzda tor bo‘lib qoldimi? Chia urug‘i yordam beradi!

Bahorda olgan kiyimingiz kuzda tor bo‘lib qoldimi? Chia urug‘i yordam beradi!

So‘nggi yillarda chia urug‘i sog‘lom ovqatlanish tarafdorlari orasida ommalashgan mahsulotlardan biriga aylandi. U mayda ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, tarkibida organizm uchun muhim bo‘lgan bir qator foydali elementlar mavjud.

Chia urug‘i tarkibida o‘simlik oqsili, kalsiy, magniy, fosfor va alfa-linolen kislotasi — omega-3 yog‘ kislotasining o‘simlik manbai bor. Chianing o‘ziga xos jihatlaridan biri — suyuqlikni o‘ziga shimib, hajmini oshira olishidir. Shu sababli uni suv, qatiq yoki yogurtga aralashtirganda to‘yimlilik hissini oshirishga yordam berishi mumkin.

Bilaman, dugonajon, sen ham o‘zingga sig‘may ketyapsan. Bahorda olgan kiyimlaring kuzga kelib torlik qilib, xunobingni chiqaryapti. Qulog‘ingga aytar gapim bor, ertaga nonushtada bir osh qoshiq chia urug‘ini 150–200 gramm shakarsiz qatiq yoki tabiiy yogurtga aralashtir. Ustiga yarimta olma yoki bir necha dona rezavor meva qo‘sh. Chiani oldindan 15–20 daqiqa suvda ivitib qo‘yishing ham mumkin. Agar ta’mini yanada mazali qilishni istasang, ozgina dolchin qo‘sh. Lekin shakar, asal, shirin sirop va yuqori kaloriyali qo‘shimchalarni ko‘paytirib yuborma. Bu nonushtada tola va oqsil borligi sababli to‘yimlilik hissini uzoqroq saqlashga yordam berishi mumkin. Ammo chia tanangdagi yog‘larni eritib yubormaydi. Vazn kamayishi uchun umumiy ovqatlanish tartibi va kunlik kaloriya miqdori hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Endi semirishni istagan dugonalarimiz ham xafa bo‘lmasin. Chia urug‘ini ular ham ratsionga qo‘shishlari mumkin. 200 gramm qatiq yoki yogurtga bir osh qoshiq chia, yarimta banan, 2–3 qoshiq sulu yormasi va bir osh qoshiq yong‘oq yoki yer yong‘oq pastasi qo‘shiladi. Bu variant ancha to‘yimli va kaloriyasi yuqoriroq bo‘ladi. Biroq bu yerda ham chia emas, umumiy ratsion muhim. Vazn qo‘shish uchun organizm sarflaydigan energiyadan ko‘proq kaloriya qabul qilinishi kerak.

Qisqasi, chia mo‘jizaviy ozdiruvchi ham, sehrli semirtiruvchi ham emas. Ammo to‘g‘ri ratsionda u tola, o‘simlik oqsili va omega-3 yog‘ kislotasining eng yaxshi manbaidir.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring