Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bog‘cha pedagoglari uchun dual ta’lim joriy etiladi

Bog‘cha pedagoglari uchun dual ta’lim joriy etiladi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun ishdan ajralmagan holda oliy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Bu «Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajriba asosida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi Hukumat qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun bakalavriat bosqichida dual ta’lim shakli joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, pedagoglar haftasiga bir kun pedagogika oliy ta’lim muassasasida tahsil oladi, qolgan besh kun esa o‘z ish joyida mehnat faoliyatini davom ettiradi.

Dual ta’limga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida uch yil ish tajribasiga ega o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar test sinovlari asosida qabul qilinadi. Ular faqat o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududdagi pedagogika oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishi mumkin.

Qarorda, shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish choralari ham nazarda tutilgan. Jumladan, 2028/2029 o‘quv yilidan O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, 2029/2030 o‘quv yilidan esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagogika oliy ta’lim muassasalarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalariga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati beriladi.

Hukumat qarori bilan mazkur choralar maktabgacha ta’lim tizimida malakali pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va sohaga xalqaro tajribani keng joriy etishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring