Buxoroda haydovchilarni aldash orqali pul o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jamiyatda yangi jinoyat sxemasi - onlayn taksi haydovchilarini aldash orqali daromad topishga urinayotganlar ko‘paymoqda.
Xuddi shunday jinoyat Buxoroda qayd etildi. Bu haqda “Xabar.uz”ga Buxoro viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bir nechta haydovchilarni aldash yo‘li bilan pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan shaxsga nisbatan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan.
Buxoro shahrida olib borilayotgan tergov harakatlari davomida fuqaro X.B.ning bir necha marotaba haydovchilarni aldash yo‘li bilan moddiy zarar yetkazib kelgani aniqlangan. Olib borilgan tergov jarayonlarida fuqaro X.B. 2025-yilning iyul–avgust oylarida o‘zining mobil telefoniga o‘rnatilgan “Yandeks” va “Uz Taxi” ilovalari orqali turli vaqtlarda onlayn taksi chaqirgan. U taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarni aldab, go‘yoki pochta yoki shirinliklar solingan qutini manzilga yetkazib berishlari lozimligini aytgan. Buning uchun ularga xizmat haqi oldindan plastik karta orqali to‘lab berilishini, manzilga yetganda, qabul qiluvchi summani berishini bildirgan.
Haydovchilar bilan hisob-kitob qilish bahonasida, u fuqaro X.B. nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasi ma’lumotlarini bergan. Haydovchilar tomonidan ushbu kartaga 200 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha pul mablag‘lari o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, X.B. telefonini o‘chirib qo‘ygan va ular bilan bog‘lanishni to‘xtatgan.
Bunday harakatlari davomida X.B. bir nechta haydovchilarga moddiy zarar yetkazgan. Tergov jarayonida barcha epizodlar bir-biriga o‘xshash usulda sodir etilgani, ayblanuvchi hisoblangan shaxsning aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan takroran firibgarlik sodir etgani tasdiqlangan.
Yig‘ilgan dalillar asosida X.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Ayblanuvchining boshqa shunga o‘xshash jinoyatlarda ishtiroki mavjudligi borasida ham qo‘shimcha tekshiruvlar olib borilmoqda.
Ichki ishlar organlari fuqarolardan onlayn platformalar orqali xizmat ko‘rsatayotganda ehtiyotkor bo‘lishni, noma’lum shaxslarga nisbatan ishonchni oshirmaslikni hamda shubhali holatlar yuz bersa darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘rab qoladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter