Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatchilariga haq to‘lash tizimi tubdan o‘zgarishi mumkin

Davlat xizmatchilariga haq to‘lash tizimi tubdan o‘zgarishi mumkin

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq to‘lash shartlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda davlat xizmatida kadrlarni tanlash, ishga qabul qilish va rag‘batlantirish tizimi takomillashtirildi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va majburiyatlarini belgilab bergan alohida qonun qabul qilindi, davlat organlarida boshqaruv xodimlarining shtat birliklari 2016-yildagi 73 mingdan 54 mingtagacha maqbullashtirildi.

Shu bilan birga, amaldagi mehnatga haq to‘lash tizimida qator nomutanosibliklar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Bugun davlat xizmatchilari ish haqida lavozim maoshining ulushi 15 foizdan oshmaydi, ish haqi fondining qariyb 70 foizi esa xodimning aniq natijasiga bog‘lanmagan ustama va mukofotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu munosabat bilan davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning yagona, ochiq va natijaga asoslangan tizimini joriy etish taklif qilindi.

Yangi tizim 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab oladi. Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasini joriy etish, o‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovini belgilash rejalashtirilgan.

Xodimlarning malakasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi KPI orqali baholanib, shu asosda ustama to‘lanadi. Shuningdek, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natijaga erishgan xodimlarga hisobot davri yakuni bo‘yicha bonus to‘lovlari berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Takliflarga ko‘ra, hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlar maoshidan yuqori bo‘lmaydi. Tuman va shaharlarda ish haqi hamda shtat birliklari aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilanadi.

Prezident mehnatga haq to‘lash tizimida adolat va shaffoflikni ta’minlash, ish haqini xodimning malakasi, mas’uliyati hamda erishgan natijalari bilan uzviy bog‘lash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bonus to‘lovlari sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, malaka va bilimlarni oshirish kabi aniq mezonlar asosida belgilanishi qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring