Eskrou tizimi: banklar xizmat ko‘rsatishdan qancha komissiya oladi?
Endilikda ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar yangicha tartibda (eskrou tizimi) amalga oshiriladi va mazkur tartib 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi.
Yangi tartibga asosan, xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi pul hisob-kitoblari endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki bankdagi eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladi. Ya’ni xaridor pulni avval bankda ochilgan maxsus hisobga joylashtiradi va shartnoma tasdiqlanmaguncha mablag‘ shu yerda saqlanadi.
Markaziy bank eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmatlar uchun komissiyalar haqida axborot berdi.
Unga ko‘ra:
- Ko‘chmas mulk bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi (ya’ni 206 000 so‘mgacha).
- Avtotransport vositalari bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmaydi (ya’ni 103 000 so‘mgacha).
Bunda, agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatiladigan bo‘lsa — komissiya faqat bir marta olinadi.
Agar ular turli banklarda bo‘lsa — har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.
Agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa — eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.
Ushbu belgilangan maksimal komissiyalar faqat davlat ulushi mavjud tijorat banklarida amal qiladi.
Boshqa tijorat banklarida esa komissiya miqdori bankning ichki tarif siyosatiga muvofiq belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisini bank orqali qilish 5 bosqichda amalga oshirilishi haqida ma’lumot bergan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter