Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV: kiberhujumlar orqali odamlardan o‘g‘irlangan 182 mlrd so‘mdan oshiq pul qaytarildi

IIV: kiberhujumlar orqali odamlardan o‘g‘irlangan 182 mlrd so‘mdan oshiq pul qaytarildi

Foto: IIV

Ichki ishlar vazirligida jinoyatchilikka qarshi kurashish va ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov va boshqalar ishtirok etdi.

Aytilishicha, joriy yilning 1 iyul — 15 avgust kunlari o‘tkazilgan tadbirning ikkinchi bosqichi natijalariga ko‘ra oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar 2 228 taga kamayishiga erishilgan. Jinoyat turlaridan qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, firibgarlik va bezorilik jinoyatlari kamaydi. Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan jinoyatlarni aniqlash 792 taga yaxshilangan.

Shuningdek, «qora bozor»dagi taxminiy qiymati 221,7 milliard so‘m bo‘lgan 1,8 million doza (369,3 kilogramm) giyohvandlik vositasi, 66 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va 44 919 tup zahriqotil o‘simlik aniqlanib, uchta noqonuniy narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yilgan. Kiberjinoyatchilik yo‘nalishida 438 ta jinoyat aniqlanib, fuqarolarga yetkazilgan 3,5 milliard so‘m zarar qaytarilgan. Bundan tashqari, 51 041 ta korrupsiyaviy holat, jumladan, 18 322 ta energiya resurslarini talon-toroj qilish va 4 710 ta yerdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

Yig‘ilishda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi ham tahlil qilindi.

Qayd etilganidek, bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish, soxta havolalar orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirish, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni egallash kabi jinoyatlar zamonaviy usullardan foydalangan holda sodir etilmoqda. Bu esa tezkor axborot almashinuvi, elektron dalillarni tahlil qilish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishni taqozo etadi.

O‘zbekiston kibermakonini himoya qilish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash va fosh etish maqsadida o‘tgan davrda 24 mingdan ortiq tezkor-texnik va tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlar natijasida jami 17 490 ta axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyat fosh etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 251 foizga oshdi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 18 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklanib, ularga yetkazilgan 182 mlrd 176 mln so‘m miqdoridagi moddiy zararning o‘z egalariga qaytarilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, fuqarolarning bank hisob varaqlaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga qaratilgan, ko‘plab fuqarolarga zarar yetkazayotgan 459 ta fishing turidagi zararli dastur aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi. Buning natijasida so‘nggi 9 oy davomida 660 mingdan ortiq fuqaroning elektron qurilmalari va pul mablag‘larini talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Kiberjinoyatlarning alohida xavfli yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq 3 929 ta jinoyat aniqlanishi natijasida jinoiy yo‘l bilan topilgan 112,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni kripto-aktivlar shaklida respublika hududidan olib chiqib ketishining oldi olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring