Internet nashrlari vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi
13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti tashabbusi bilan internet nashrlari rahbarlari va xodimlari, media sohasi mutaxassislari hamda hududiy internet OAV vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya aloqa tizimi orqali gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda respublikaning barcha hududlaridan internet nashrlari vakillari onlayn tarzda qatnashdi.
Mazkur uchrashuv internet nashrlari faoliyatini yanada rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni aniqlash, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda media makonini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida Prezidentning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Jumladan, ommaviy axborot vositalari xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnatini munosib rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash hamda yashash sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda jurnalistlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlashning zamonaviy mexanizmlarini yaratish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, uzluksiz malaka oshirishni rivojlantirish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy faoliyatni rag‘batlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning jurnalistlar manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rnini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida internet OAV auditoriyasini kengaytirish, kontent sifati va raqobatbardoshligini oshirish, tahririyatlardagi tashkiliy va iqtisodiy muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter