Jahon avtomobil bozorida yangi davr: Xitoyning uch brendi kuchli o‘nlikka kirdi
Xitoydagi BYD dilerlik markazi.
Xitoy kompaniyalari jahon avtomobil bozoridagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, mamlakatning uchta kompaniyasi dunyodagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar yetakchi o‘ntaligiga kirdi. Bu haqda Carnewschina xabar berdi.
BYD, Geely va Chery kuchli o‘nlikda

Eng yaxshi natijani BYD qayd etib, jahon bozoridagi 4,8 foiz ulush bilan oltinchi o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun: o‘n yil avval kompaniyaning bozor ulushi atigi 0,6 foizni tashkil etgan. Biroq shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, ko‘rsatkich 2025-yilga nisbatan biroz pasaygan — o‘shanda jahon bozorida sotilgan avtomobillarning 5,4 foizi BYDga to‘g‘ri kelgandi.
Yettinchi o‘rinni Geely Holding Group 4,6 foizlik natija bilan egalladi. Xolding statistikasiga nafaqat Geely, balki uning ishtirokidagi Volvo, Smart, Polestar, Lotus, Proton va boshqa brendlar savdosi ham kiritilgan.
To‘qqizinchi o‘rindan Chery joy oldi. Kompaniyaning jahon bozoridagi ulushi 4,1 foizni tashkil qildi. Bu Ford ko‘rsatkichi bilan teng. 2016-yilda Cheryning ulushi atigi 0,8 foiz edi.
Xitoyning yana bir kompaniyasi — SAIC kuchli o‘nlikka yetishiga ozgina qoldi. Kompaniya 3,7 foizlik ulush bilan 11-o‘rinni egalladi. Shuningdek, reytingda Changan (17-o‘rin, 1,9 foiz), GWM (18-o‘rin, 1,8 foiz), BAIC (21-o‘rin, 1,2 foiz) va Dongfeng (23-o‘rin, 1,1 foiz) ham munosib o‘rinlarni band etdi.
Jahon avtomobil bozoridagi kuchli o‘nlik
Jahon avtomobil bozorida hozircha Toyota 11 foizlik ulush bilan yetakchilikni saqlab qolmoqda. Keyingi o‘rinlarni Volkswagen (8,1 foiz) va Hyundai–Kia alyansi (7,6 foiz) egallagan.
Eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar (top-10):
- Toyota — 11 foiz
- Volkswagen — 8,1 foiz
- Hyundai–Kia — 7,6 foiz
- Stellantis — 6 foiz
- Renault–Nissan — 5,4 foiz
- BYD — 4,8 foiz
- Geely Holding Group — 4,6 foiz
- General Motors — 4,5 foiz
- Chery — 4,1 foiz
- Ford — 4,1 foiz
Umumiy reyting

O‘tgan o‘n yillik o‘rtalari bilan taqqoslaganda, xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoridagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlangan. Ilgari Xitoyning sanoqli kompaniyalari yetakchilarga yaqinlasha olgan bo‘lsa, bugunga kelib bir vaqtning o‘zida uchta brend jahon bozoridagi eng yirik o‘ntalikka kirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter