Kopengagendan Dohagacha: 30 yillik va’da va yangi chaqiriq
1995 yil. Kopengagen shahrida tarixiy voqea bo‘lib o‘tgan edi: dunyoning 117 ta davlat rahbarlari jamlanib, “insonni rivojlanish markaziga qo‘yish” shiori bilan ijtimoiy adolat, bandlik va kambag‘allikka qarshi kurash yo‘nalishida umuminsoniy kelishuvni imzolagandilar. Bu “Kopengagen deklaratsiyasi” deb nom olgan tarixiy hujjat edi. Unda 10 ta asosiy majburiyat belgilangan bo‘lib, ularning zamirida bitta maqsad yotardi — inson qadri.

Oradan o‘tgan 30 yil ichida insoniyat haqiqatdan ham katta yo‘l bosib o‘tdi. Bir milliarddan ortiq inson kambag‘allikdan chiqdi, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi yaxshilandi, ayollar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Ammo dunyo yana bir bor chuqur o‘yga tolmoqda: nima uchun turmush farovon bo‘lgani sayin, adolat va barqarorlik hissi kamayib bormoqda?
Yangi asrning sinovlari
Bugun jahon yangi muammolar qarshisida turibdi. Insonlar orasidagi daromadlar tafovuti chuqurlashmoqda, ish o‘rinlari tobora noaniq va vaqtinchalik tus olmoqda, jamiyatlar orasida o‘zaro ishonch so‘nmoqda.
BMTning iqtisodiy va ijtimoiy ishlar bo‘yicha kotib o‘rinbosari Li Szyunxua ta’kidlaganidek, “bugungi dunyoda ishonch eroziyaga uchramoqda, biz Dohada bu ishonchni qayta tiklashimiz kerak.”
Iqlim o‘zgarishi, urushlar, migratsiya, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt bilan bog‘liq ishsizlik xavfi – bularning barchasi ijtimoiy barqarorlikni yangi sinovlarga duch qilmoqda.
Doha sammiti
2025 yil 4–6 noyabr kunlari Qatar poytaxti Dohada o‘tadigan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti dunyo yetakchilarini yana bir bor bitta maqsad — inson qadrini tiklash va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash atrofida birlashtirmoqda.
Bu sammitda qabul qilinishi kutilayotgan “Dohaning siyosiy deklaratsiyasi” jahon hamjamiyati uchun yangi yo‘nalish bo‘ladi. Unda kambag‘allikni bartaraf etish, to‘la bandlik va munosib mehnat imkoniyatlarini yaratish, ijtimoiy integratsiyani kuchaytirish hamda raqamlashuv, sun’iy intellekt va iqlim o‘zgarishi ortidan keladigan yangi tahdidlarga moslashish masalalari ustuvor deb belgilanmoqda.
Sammitdagi Forumlar va “Global alyans ochlik va kambag‘allikka qarshi” yig‘ilishida ham ijtimoiy himoya tizimini kengaytirish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi amaliy yechimlar muhokama qilinadi.
O‘zbekistonning ishtiroki va hissasi
Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Doha shahriga yetib bordi.

Prezidentimiz bugun, 4 noyabr kuni sammitda qatnashib, ijtimoiy barqarorlik, aholi bandligi, ta’lim va iqlimga moslashuv sohalarida O‘zbekistonning aniq tashabbuslarini ilgari surishi kutilmoqda. Ushbu tashabbuslar — Yangi O‘zbekiston konsepsiyasining o‘zagi bo‘lgan “Inson qadri uchun” tamoyilining xalqaro minbardagi davomi hisoblanadi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijtimoiy islohotlar — kambag‘allikni qisqartirish dasturlari, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali himoya tizimini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ta’lim sifatini oshirish va barcha uchun teng imkoniyatni ta’minlash — bugun dunyodagi ijtimoiy rivojlanish konsepsiyasining jonli namunasiga aylanmoqda.
Doha sammiti nafaqat deklaratsiyalar, balki amaliy yechimlarni taqozo etmoqda. Forumda keltirilgan misollar – Hindistondagi raqamli identifikatsiya tizimi, Shri-Lankada yoshlarni kasbiy tayyorlash markazlari, Serra-Leonedagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikrokredit dasturlari, insoniyat birlashsa, har bir shaxs hayotini yaxshilash mumkinligini isbotlaydi.
“Dunyoda resurslar yetarli. Masala — adolat va irodada”, deydi BMT Bosh Assambleyasi raisi Annalena Berbok.
30 yil avval Kopengagenda berilgan va’da bugun Dohada yangi mazmunda yangramoqda: dunyoda rivojlanish siyosati emas, insonni qo‘llab-quvvatlash harakati ustun bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirokini shu nuqtai nazardan baholasak, davlatimiz rahbari dunyo hamjamiyatini inson qadri, ijtimoiy adolat va imkoniyatlar tengligi sari birlashtirish tarafdori sifatida maydonga chiqmoqda.
Bu yo‘lda Yangi O‘zbekistonning tajribasi va tashabbuslari global miqyosdagi ijtimoiy rivojlanish jarayonlariga hissa qo‘shishi, dunyo xalqlari uchun yangi ilhom manbai bo‘lishi shubhasiz.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter