Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

LG televizori borlar ehtiyot bo‘ling: televizor sizni kuzatyapti

LG televizori borlar ehtiyot bo‘ling: televizor sizni kuzatyapti

LGning aqlli televizorlari bo‘yicha o‘tkazilgan yangi tadqiqot qurilmalarning maxfiylik va kiberxavfsizlik imkoniyatlari yuzasidan jiddiy savollarni keltirib chiqardi.

Tadqiqotchilar televizorning tarmoq faoliyatini Wireshark orqali tahlil qilib, qurilma mahalliy tarmoqdagi boshqa uskunalarni aniqlashi va ular haqida ma’lumot to‘plashi mumkinligini qayd etdi.

Sinovlar davomida televizor ekrani o‘chirilgan paytda ham mikrofon orqali audio yozishi aniqlangan. Internet aloqasi uzilganida ham yozuv qurilma xotirasida saqlanib, tarmoq qayta tiklanganidan keyin unga murojaat qilish imkoni mavjud.

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, tadqiqotchilar LG televizorlari uydagi mahalliy tarmoqni skanerlab, unga ulangan smartfon, aqlli soat va boshqa qurilmalarni aniqlashi, shuningdek, yaqin atrofdagi Wi-Fi tarmoqlari nomi va signal kuchini qayd etishi mumkinligini aniqlashgan.

Bu ma’lumotlar LGning televizorlardagi avtomatik kontentni tanish texnologiyasi bilan bog‘liq maxfiylik masalalarini ham yana kun tartibiga olib chiqdi. RTINGS tadqiqotida LG G5da ACR tizimi televizorning o‘z ilovalaridagina emas, HDMI va USB orqali namoyish etilgan kontent bilan ishlaganda ham faol ma’lumot almashinuvini amalga oshirishi qayd etilgan.

Biroq tadqiqot natijalarini barcha LG televizorlari doimiy ravishda yashirincha suhbatlarni yozib, kompaniya serverlariga yubormoqda, deb talqin qilish to‘g‘ri emas. Mutaxassislar ayrim audio yozish sinovlari qurilma ustidan nazorat o‘rnatilgan holatda amalga oshirilganini ta’kidlashmoqda.

LG esa avvalroq televizorlari atrofdagi suhbatlarni to‘plamasligi, yozib olmasligi va saqlamasligini bildirgan edi. Kompaniya ovozni tanish funksiyasi foydalanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda ishga tushirilishini ta’kidlagan.

Shunga qaramay, yangi tadqiqot aqlli televizorlarni oddiy maishiy texnika emas, balki mikrofon, tarmoqqa ulanish va ma’lumot to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lgan internet qurilmasi sifatida qabul qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Ya’ni, televizor ekrani o‘chirilganda ham sizni kuzataveradi. Asosiy masala esa endi uning nimani ko‘rayotgani yoki eshitayotganida emas, bu ma’lumotlar ustidan kim nazorat qilayotganida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring