“Maxsus komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q” — Rasmiy bayonot
Havo sifatining pasayishi yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining rasmiy bayonoti e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda mamlakatimizda harorat inversiyasi bilan bog‘liq noqulay meteorologik sharoitlar oqibatida havo sifatining pasayishi kuzatilmoqda. Holat yuzasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov ma’lumot berdi.
Ushbu hodisa kunduzgi va kechki havo haroratining ayrim hollarda 14 gradusgacha keskin farq qilishi, tuman tushishi, shamol tezligini pasayishi natijasida ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Ta’kidlanishicha, Maxsus komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Ekologik holat yuzasidan aholiga muntazam axborot berish bilan birga tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.
Bugungi kunda Maxsus komissiyasining e’tibori sanoat va xo‘jalik obektlarida ekologik reydlar va nazorat tadbirlariga qaratilgan.
Noqulay ob-havo sharoitida atmosfera havosiga antropogen (ya’ni, insoniy faoliyat)ning yuklamasini kamaytirish uchun korxonalarning quvvatlari cheklanmoqda va ayrimlarining faoliyati to‘xtatilmoqda.
1-7 yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar o‘tkazildi hamda ta’sirchan choralar ko‘rildi. Atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.
Shu bilan birga, profilaktik choralar ham amalga oshirilmoqda: tashlama manbalari ustidan monitoring kuchaytirildi, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, noqulay meteorologik sharoitlar 16-17-yanvar sanasiga qadar saqlanishi kutilmoqda. Antitsiklonlar kelishi natijasida yog‘ingarchilik yog‘ishi va shamol tezligi oshishi bilan atmosfera havosi sifati normallashuvi kutilmoqda.
Harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa bo‘lib, bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi va ifloslanishni yumshatish uchun sinovdan o‘tgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Maxsus komissiya tomonidan ekologik reydlar va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettiriladi. Ko‘rilayotgan barcha choralar yuzaga kelgan xavflarni minimallashtirish hamda aholining ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Barcha chora-tadbirar ilmiy asoslangan tavsiyalarga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirib kelinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter