May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
Kelayotgan may oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi.
Bu yil may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Birinchi besh kunlikda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda momaqaldiroq va kuchli shamol bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi. Havo harorati asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja bo‘ladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 13-18 darajadan 18-23 darajagacha, kunduz kunlari 25-30 darajadan 30-35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 36-38 darajagacha o‘zgarib turadi. Ushbu davrning ayrim kunlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
2026-yil may oyida o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 1,5-2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlar), may oyi aprel oyiga nisbatan 4–6 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha harorat oyning birinchi yarmida 24-27 darajani, ikkinchi yarmida esa 28-31 darajani tashkil etadi. Deyarli har yili may oyida yozga xos issiq davrlar harorat 34-37 darajagacha ko‘tarilishi kuzatiladi.
Meterologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumlari 38-41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa ba’zi joylarda 43-45 darajani tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida may oyidagi harorat rekordlari yaqin orada - 2020, 2021 va 2025-yillarda yangilandi.
May oyida yomg‘irlar, ko‘pincha, qisqa muddatli tavsifga ega bo‘lib, deyarli har doim momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kuzatiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter