Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Minneapolisda Rene Gudning o‘limi: ICE xodimi telefonida olingan video tarqatildi

Minneapolisda Rene Gudning o‘limi: ICE xodimi telefonida olingan video tarqatildi

AQShning Minnesota shtatidagi Alpha News nashri va CNN telekanali 9 yanvar kuni Minneapolisda sodir bo‘lgan otishma bilan bog‘liq videoni e’lon qildi. Hodisa oqibatida 37 yoshli Rene Nikol Gud halok bo‘lgandi.

Ma’lum qilinishicha, video AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimi Jonatan Ross tomonidan mobil telefonga olingan. U aynan shu otishmani amalga oshirgan shaxs hisoblanadi. Videoning davomiyligi bir daqiqadan kam bo‘lib, unda otishmadan oldingi lahzalar aks etgan. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi vakili tasvir haqiqatan ham agentning telefonida yozib olinganini tasdiqlagan.

Videoda Ross ko‘chada yo‘lni to‘sib turgan, avtomobil oldida turgani ko‘rinadi. Avtomobil boshqaruvida Rene Gud bo‘lgan. Ross mashinani aylanib o‘tayotgan paytda, Gud oyna orqali unga qarab: «Men senga g‘azablanmayapman», – deydi.

Ross avtomobil raqamini suratga olayotgan vaqtda, marhumaning rafiqasi Bekka Gud kadrga chiqadi. U xodimdan yuzini ko‘rsatishni so‘rab, keyinchalik muloqot qilish mumkinligini aytadi.

«Sen biz bilan bog‘lanmoqchimisan? Bahslashmoqchimisan? Men esa senga aytyapman: bor, tushligingni qil, bola», – deya murojaat qiladi u.

Shu payt boshqa bir ofitser mashina yoniga kelib, Rene Gudga: «Bu la’nati mashinadan chiq!» — deb baqiradi. Shundan so‘ng Gud orqaga chekinadi, rulni o‘ng tomonga burib, oldinga harakatlanadi. Ross «O-o!» deb qichqiradi va orqasidan o‘q ovozlari eshitiladi.

Videoda avtomobil Rossga tekkan-tegmagani aniq ko‘rinmaydi, chunki kamera keskin yuqoriga qarab ketadi. Videoning oxirida Gudning mashinasi oldinga yurib, boshqa avtomobilga urilib ketgani ko‘rinadi.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ushbu videoga izoh berib, ICE xodimi xavf ostida bo‘lganini aytdi.

«Qarash og‘ir bo‘lsa ham, bu videoni ko‘ring. Ko‘pchiligingizga bu huquq-tartibot xodimi mashina bilan urib ketilmagani, ta’qib qilinmagani va aybsiz ayolni o‘ldirgani aytildi. Aslida esa uning hayoti xavf ostida edi va u o‘zini himoya qilish uchun o‘q uzgan», – dedi Vens videoni ijtimoiy tarmoqda qayta ulashar ekan.

Rene Gudning o‘limidan keyin Minneapolis va AQShning boshqa shaharlarida ICE xodimlari harakatlariga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar esa ushbu voqea sinchiklab tergov qilinishi lozimligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, agent o‘zi uchun xavfli vaziyatni yuzaga keltirgan va keyin shunday holatda qurol ishlatishga majbur bo‘lgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring