Namanganda 577 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar saqlangan yashirin ombor fosh etildi
Namangan shahrida sotish maqsadida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlangan, umumiy qiymati 577 mln 381 ming so‘mlik dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida Namangan shahridagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan kelgusida sotish uchun saqlab kelingan dori vositalari aniqlangan.
U yerdan tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13 184 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Ular orasida «Sefotaksim», «Bifidumbakterin», «Atropin», «Tidomet Forte» kabi preparatlar ham bor.
Aniqlanishicha, dorilar qo‘shni davlat hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kirilib, yashirin omborda saqlangan.
Baholash xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 577 mln 381 ming so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan noqonuniy dori vositalari savdosi yoki saqlanishi bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqamiga xabar berish so‘ralmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter