Neft bozorida o‘zgarish: BAA OPEC va OPEC+dan chiqadi
Birlashgan Arab Amirliklari OPEC va OPEC+dan chiqish qarorini qabul qildi va bu qaror 1-maydan kuchga kiradi. Bu neft bozoridagi kuchlar muvozanatiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
BAA – tashkilotning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, uning chiqishi OPECning global ta’minot ustidan nazoratini zaiflashtiradi. Shuningdek, bu qaror Amirliklar va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ziddiyatlarni ham ochiqroq namoyon qilmoqda.
Energetika vaziri Suxayl al-Mazruiyga ko‘ra, qaror mamlakatning uzoq muddatli energetika strategiyasiga asoslanib qabul qilingan.
«Bu siyosiy qaror bo‘lib, ishlab chiqarish siyosati chuqur tahlil qilindi», – degan u.
Mutaxassislar fikricha, BAA OPEC cheklovlaridan chiqib, kelgusida neft ishlab chiqarishni oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa bozorda raqobatni kuchaytirishi mumkin.
Hozircha Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi keskin vaziyat sabab yetkazib berish cheklangan bo‘lsa-da, geosiyosiy holat barqarorlashsa, BAA o‘z ulushini kengaytirishga harakat qiladi.
Tahlilchilar bu holatni AQSh uchun ham ijobiy signal sifatida baholamoqda, chunki bu neft narxlariga bosimni kamaytirishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter