Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Olis Yevropani O‘zbekistonga yaqinlashtirmoqda”. Toshkentda muhim madaniy tadbir boshlandi

“Olis Yevropani O‘zbekistonga yaqinlashtirmoqda”. Toshkentda muhim madaniy tadbir boshlandi

6 noyabr kuni Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida X Yevropa kinofestivali ochilishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev ishtirok etdi.

“Yevropa kinofestivali bu – shunchaki filmlar namoyishi emas, balki chegaralardan oshib o‘tadigan mushtarak hikoyalar bayramidir. Yevropa kinoijodkorlari nigohi orqali tajribalarimiz va his-tuyg‘ularimiz naqadar yaqinligiga shohid bo‘lamiz. O‘n yil davomida festival Yevropani O‘zbekistonga yaqinlashtirmoqda, yangi hududlar va auditoriyalarga yetib bormoqda. Shu tariqa madaniy almashinuv va do‘stlikning yorqin ramziga aylandi”, – dedi YeI elchisi Toyvo Klaar.

“Yevropa kinofestivali – o‘zbek kinoijodkorlariga zamonaviy kinoga o‘zgacha rakursdan nazar tashlash imkonini beradigan ijodiy hamkorlikdir. Bilamizki, Yevropa rejissyorlari obraz, kompozitsiya va hikoya ritmi bilan zamonaviy uslubda ishlaydigan ijodkorlardir. Yevropa kinosi har doim kinokartinalarning mayda tafsilotlariga qadar e’tibor, samimiyat va tomoshabinga hurmati bilan o‘zbek tomoshabinlari e’tiborini tortib kelgan. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Yevropa filmlari namoyishlari bir-birimizni so‘zsiz, san’at tili orqali tushunish, kino san’atining yangicha uslublaridan bahramand bo‘lish imkoniyatidir”, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev.

Festival Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan YeIga a’zo davlatlar elchixonalari bilan hamkorlikda, Kinematografiya agentligi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, festival dasturidan boshqa madaniy loyihalar ham o‘rin olgan.

2013 yilda tashkil etilganidan beri festival Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv, ijodiy hamkorlik va umumiy qadriyatlar ruhini o‘zida mujassam etib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida YeIning 22 davlati kinoustalari suratga olgan 110 dan ziyod film O‘zbekistonning to‘qqiz hududida namoyish etildi. Muhim madaniy tadbir 30 mingdan ortiq tomoshabinni birlashtirdi.

Bu yil esa 7-9 noyabr kunlari Toshkentda va 12 noyabr kuni Termizda namoyishlar bo‘lib o‘tadi. Festival dasturiga Yevropaning 12 mamlakatidan 12 ta sara film kiritilgan.

Kinofestival latviyalik rejissyor Gints Zilbalodis tomonidan yaratilgan “Flow” (“Oqim”) nomli animatsion film namoyishi bilan ochildi. Mazkur film eng yaxshi animatsion film sifatida “Oskar” va “Oltin globus” mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring