Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universiteti tashkil etiladi

Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universiteti tashkil etiladi

Foto: Xabar.uz

Toshkent shahrida O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universiteti tashkil etiladi. Bu bo‘yicha hamkorlik kelishuvi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Yaponiyaning Sukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata tomonidan videokonferensiyaaloqa orqali imzolandi.

Ma’lum qilinishicha, yangi oliy ta’lim muassasasi zamonaviy texnik va boshqaruv yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro akademik hamjamiyatga yanada integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Loyihaga ko‘ra, universitet O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Uning ta’sischilari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sukuba universiteti muvofiqlashtiradigan Yaponiya universitetlari konsorsiumi bo‘ladi.

Dastlab oliygohda sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik doktorantura va bakalavriat bosqichlarini ochish rejalashtirilgan. Ta’lim ingliz tilida Yaponiya oliy ta’limi modeli asosida olib boriladi. Talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli ta’lim dasturlari, shuningdek, yapon tili va madaniyati bo‘yicha kurslar ham tashkil etiladi.

Kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston tomoni universitet kampusi, zamonaviy o‘quv va ilmiy infratuzilmani yaratish hamda professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar faoliyatini moliyalashtiradi. Sukuba universiteti esa o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilarni jalb etish va akademik almashinuv dasturlarini tashkil etishda ko‘maklashadi.

Rejaga ko‘ra, 2026 yil sentyabr oyida Toshkentda tayyorgarlik ofisi ish boshlaydi. Magistratura dasturlariga ilk qabul esa 2028/2029 o‘quv yilidan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring