Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasiga start berildi

O‘zbekistonda «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasiga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirdan avval davlatimiz rahbari mamlakatimiz yoshlari tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt loyihalari va startaplar taqdimoti bilan tanishdi. 

Iqtidorli yoshlar bilan muloqotda davlatimiz rahbari axborot texnologiyalari sohasining strategik ahamiyati, uning mamlakat barqaror rivoji va raqobatbardoshligida hal qiluvchi o‘rin tutayotganini alohida ta’kidladi. Taqdim etilgan turli sohalarga oid innovatsion ishlanmalar O‘zbekistonda shakllanayotgan zamonaviy raqamli ekotizim hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning real samarasi ekanligi qayd etildi.  

Davlatimiz rahbari forumning ochilishida nutq so‘zlar ekan, uning barcha ishtirokchilarini samimiy qutladi.

XXI asrda axborot texnologiyalari va raqamlashtirish har bir mamlakat taraqqiyotining asosiy mezoni sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Sun’iy intellekt endilikda faqat ayrim sohalar uchun emas, balki iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, davlat boshqaruvi va kundalik yashash tarzimizga chuqur kirib kelayotgan fundamental omilga, hayotiy zaruratga aylanmoqda. 

– Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida ulkan nom qozongan buyuk olimlar Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, mantiq fanlari ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos solishda qatnashgan, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Sun’iy intellekt transformatsiyasini amalga oshirish uchun ilk qadam sifatida dunyodagi yetakchi davlatlarning eng ilg‘or tajribasi asosida Milliy strategiya qabul qilinib, hayotga faol tatbiq etila boshlandi. 

Buning natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot ulushi ikki karra oshdi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida qariyb 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi. 

Mamlakatimizda AT xizmatlarining eksporti hajmi o‘tgan yillarga nisbatan 4,5 karra o‘sib, 1 milliard dollarga yaqinlashgani ham ushbu sohadagi islohotlarning natijadorligini yaqqol tasdiqlaydi.

Shuningdek, kuni kecha ilk bor ingliz huquqiga asoslangan maxsus rejimda faoliyat yuritadigan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etildi.

AT sohasida ta’lim berayotgan oliy ta’lim muassasalari qariyb 3 baravarga oshib, 145 taga, talabalar soni esa 80 ming nafarga yetdi.

Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda 2019 yilda boshlangan tashabbus – «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida ikki milliondan ortiq yoshlarimiz bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali bu borada 100 ga yaqin yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. 

– Biz ishonamiz: ular ertaga yurtimizga qaytib, sun’iy intellektning eng so‘nggi yutuqlarini ta’limga, iqtisodiyotga, davlat boshqaruviga joriy qilishda yetakchi kuchga aylanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga joriy etish, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash, maktab va universitetlarda soha bo‘yicha savodxonlikni oshirish dasturlari amalga oshirilmoqda. 

Sun’iy intellekt texnologiyalari tarmoqlar samaradorligi, ayniqsa, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga yangi kuch va mazmun bag‘ishlamoqda.

Xususan, raqamli diagnostika tizimlari joriy etilishi natijasida 50 mingdan ortiq bemorga sun’iy intellekt yordamida aniq tashxis qo‘yildi. Bu shifokorlarning ish yuklamasini sezilarli darajada kamaytirib, tibbiy xizmat ko‘rsatish vaqtini 5-7 barobar qisqartirdi.

AT sohasidagi innovatsion ekotizim ham sezilarli o‘sdi. Startaplar soni so‘nggi yillarda 10 baravar oshib, umumiy hisobda 300 million dollar investitsiya jalb qilindi. 

Davlatimiz rahbari forumda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar va jahonning yetakchi kompaniyalarini yurtimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqirdi. 

Xorijiy ekspertlar keyingi besh yilda sun’iy intellekt texnologiyalari O‘zbekiston iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratishini prognoz qilyapti.

Bunday yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun  barcha zarur asoslar va imkoniyatlar mavjud. 

– Bugun biz Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda «Bir million dasturchi» loyihasining uzviy davomi sifatida «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasiga start beramiz. Bu oddiy dastur emas, balki yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar olamidir, – dedi davlatimiz rahbari.

Loyiha doirasida 2030 yilga qadar 4 million 750 ming maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini o‘qitish ko‘zda tutilgan. 

Bunda sun’iy intellekt maktab, kasb ta’limi va oliy ta’lim tizimlariga ham integratsiya qilinadi.

– Ishonamanki, «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi kelgusida iqtisodiyot drayveriga aylanib, mamlakatimizning jadal taraqqiyoti uchun shiddat bag‘ishlaydi, – dedi Prezidentimiz.

Marosim yakunida O‘zbekistonda «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasiga start berildi.

Manba: president.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring