O‘zbekistonning noyob tarixiy merosi Doha, Milan, Venetsiya va Yaponiyada namoyish etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasidagi ustuvor loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda O‘zbekistonning arxeologik merosi va milliy amaliy san’atini dunyoga keng targ‘ib qilish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini dunyoga keng tanitishga xizmat qiluvchi qator yirik xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi. Xususan, 2026-yilda Dohadagi Islom san’ati muzeyida «Uzbekistan: Heritage in Motion», Milandagi Prada Foundation maydonida esa «Global Antiquity» xalqaro arxeologiya ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 2027-yilda Venetsiya va Yaponiyadagi Nara milliy muzeyida O‘zbekistonning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixini aks ettiruvchi yuzlab arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Shuningdek, Milanda o‘zbek amaliy san’atiga bag‘ishlangan alohida ko‘rgazma tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarning yetakchi madaniy muassasalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari ham muhokama qilindi.
Taqdimotda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Nikolay Romanov saroyida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi filialini tashkil etish, Muxtor Ashrafiy uy-muzeyini zamonaviy talablar asosida qayta jihozlash bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Prezidentga o‘zbek milliy san’atini xalqaro sahnalarda targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ma’lum qilindi. Joriy yilda «Tamerlano» operasi Dubay, Vena, Sankt-Peterburg va Versal sahnalarida namoyish etilgan bo‘lsa, 2027-yil mart oyida mazkur asar Nyu-Yorkdagi mashhur «Karnegi-xoll» konsert zalida sahnalashtirilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Madaniy tadbirlarni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklifi ham bildirildi. Yangi tuzilma yirik xalqaro festivallar, konsertlar va ko‘rgazmalarni tashkil etish hamda ularni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, joriy yilda Samarqandda Jon Lejend konserti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, yaqin oylarda Pekindagi Buyuk Xitoy devorida va Samarqanddagi Registon maydonida mashhur pianinochi Lang Lang, Toshkentda esa bastakor Maks Rixter konsertlari tashkil etilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Taqdimotda O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesi va Milan Design Week kabi nufuzli xalqaro madaniy tadbirlardagi ishtiroki natijalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston pavilonlari yuz minglab tashrif buyuruvchilarni jalb etgani va xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan madaniy loyihalar muhokama qilinib, joriy yil sentyabr oyida Nukusda Orol madaniyati sammiti o‘tkazish, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida «Turandot» operasi va «Shelkunchik» baletini yangi talqinda sahnalashtirish, shuningdek, 2027 yilgi Buxoro biyennalesiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari barcha loyihalarni puxta tayyorlash, restavratsiya ishlarining sifatini qat’iy nazorat qilish, milliy qadriyatlarni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro madaniy hamkorlikning amaliy samaradorligini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter