Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonning yangi elchisi BAAda rasman ish boshladi

O‘zbekistonning yangi elchisi BAAda rasman ish boshladi

Foto: «Dunyo» axborot agentligi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Umid Shodiyev Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Umar Ubayd al-Shamsiyga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati va kelgusi istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Umar al-Shamsiy yangi elchini qutlab, unga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. U BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirishini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, tomonlar iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

Shuningdek, muloqotda hududiy va xalqaro kun tartibidagi ayrim dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, Umid Shodiyev 43 yoshda bo‘lib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. U diplomatik faoliyatini 2005-yilda boshlab, turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. Jumladan, u O‘zbekistonning Vashington va Nyu-Yorkdagi diplomatik vakolatxonalarida xizmat qilgan, 2018–2023-yillarda Parijdagi YuNESKO huzurida doimiy vakil bo‘lgan.

Ushbu tayinlov bilan u avval BAAda elchi bo‘lib ishlagan va keyinchalik Turizm qo‘mitasi raisi lavozimiga o‘tgan Abdulaziz Aqqulov o‘rnini egalladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring