Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston turizmining tarixiy rekordni yangilashi Prezident islohotlari samarasidir

O‘zbekiston turizmining tarixiy rekordni yangilashi Prezident islohotlari samarasidir

Foto: Gov.uz

O‘zbekiston tarixida xorijlik sayyohlar oqimi bo‘yicha rekord natija qayd etildi, ya’ni joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida mamlakatga 8,6 mln nafardan ortiq turist tashrif buyurdi.

Aprel oyidan buyon esa xorijiy sayyohlarning har oylik ko‘rsatkichi barqaror ravishda 1 mln nafardan ortmoqda. Ushbu tarixiy natija shubhasiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan oqilona siyosatlari mevasidir. 

O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida yuqori saviyada ishtirok etmoqda, 20 ga yaqin davlatda road-show va taqdimotlar tashkil qilinmoqda. Samarqandda “UN-Tourism” ofisi ochildi, Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga doimiy ravishda subsidiya ajratilmoqda. Bu islohotlarning samarasi o‘laroq, turistlar soni oshishi bilan bir qatorda ularning O‘zbekistonda qolish muddati ham uzaygani quvonarli holat. 

Qolaversa, ilgari yurtimizga aksariyat yoshi ulug‘ sayyohlar kelgan bo‘lsa, endilikda bu boradagi ko‘rsatkich yoshariyib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. 

Shu o‘rinda uzoq xorij — Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerikadan kelayotgan turistlar oqimining sezilarli darajada o‘sganini alohida ta’kidlash lozim. Bu jahon sayyohlik xaritasida O‘zbekistonning kundan-kunga tanilib borayotganini va eng sayohatbop yo‘nalishlardan biriga aylanib borayotganligini ko‘rsatadi. 

Turistlarning ko‘payishi, tabiiyki, sohadan tushayotgan daromadning oshishiga olib keladi. Bu esa o‘z o‘rnida milliy iqtisodiyotning o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. Ilgari turistlar faqatgina muayyan davrda kelishi kuzatilgan bo‘lsa, bugunga kelib, sohadagi islohotlar va yaratilayotgan sharoitlar natijasida turistik mavsum tushunchasi yo‘qolib bormoqda, ya’ni yil davomida turistlar soni barqaror saqlanib qolmoqda. 

Viza rejimini soddalashtirish hamda raqamlashtirish xizmatlarini takomillashtirish borasidagi islohotlar tufayli O‘zbekiston dunyoning eng mehmondo‘st mamlakatlaridan biri sifatida e’tirof etila boshlandi. 90 dan ortiq davlatga vizasiz rejim va elektron vizaning joriy etilishi, mamlakatga kirish-chiqish talablarining yengillashuvi, zamonaviy mehmonxona va transport infratuzilmasining rivojlanishi sayyohlar sonining ishonchli o‘sishi uchun asos yaratdi. Bu o‘z-o‘zidan qo‘shimcha ish o‘rinlarini talab qilgani bois mahalliy aholining daromadli ish bilan ta’minlanish darajasi oshib borayotganini alohida e’tirof etish joiz. Prezidentimizning pirovard maqsadi ham shu aslida, ya’ni mahalliy aholi uchun yangi ish joylarini yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash va bu orqali xalqimizning turmush farovonligini oshirish. 

Turizm qo‘mitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tarkibida faoliyat yuritishi barqaror va ekologik mas’uliyatli turizmni rivojlantirish tamoyillarini joriy qilish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bunday yondashuv turizmni rivojlantirishda mamlakatning tabiiy va madaniy boyliklarini asrashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytiradi. Zero barqaror tabiatsiz hech bir sohani, jumladan, turizmni ham rivojlantirib bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhitning ifloslanishi kabi muammolar har qanday sohani rivojlantirishda bu omillarni inobatga olish zarurligini va O‘zbekistonda bu borada to‘g‘ri yo‘l tanlanganini ko‘rsatmoqda. 

Ekologiya vazirligi Davlat rahbari tomonidan turistik xizmatlar sifatini oshirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biri sifatidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarini sidqidildan amalga oshirishda hamda turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishda davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring