Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qaysi uy gullari sizni toza havo bilan ta’minlaydi?

Qaysi uy gullari sizni toza havo bilan ta’minlaydi?

foto: https://www.google.com/url?

Odatda toza havo deganda tashqaridagi havoni tushunardik. Endi esa vaziyat o‘zgardi. Toza havo olish uchun derazalarni ochish xavfli bo‘lib qoldi. Ammo xona ham gaz plitasi, arzon mebel, plastmassa idishlar, maishiy texnikalardan chiqadigan ko‘zga ko‘rinmas zaharli havoga to‘lganda nima qilish mumkin?   

Uy gullari nafaqat ko‘zni quvontiradi, balki uning shunday turlari borki, sizga har qanday havo tozalagich uskunadan ko‘ra foydaliroqdir. Gullar nafaqat xona ichidagi havoni namlaydi yoki inson hayoti uchun zarur bo‘lgan kislorod bilan boyitadi, balki hatto zaharli moddalarni o‘zlashtirib, neytrallashtirishga qodir. Ajablanarlisi, insonga zararli bo‘lgan bu moddalar o‘simlik uchun hatto hayotiy ahamiyatga ega: u ularni o‘zlashtiradi, parchalaydi va xavfi kamroq bo‘lgan birikmalarga aylantiradi.

Xlorofitum

Bu gulni ko‘pchilikning xonadonida uchratish mumkin. Parvarishi oson ushbu o‘simlik zaharli moddalarni yutish qobiliyati bo‘yicha gullar orasida birinchi o‘rinni oladi va uni bemalol “uyning o‘pkasi” deyish mumkin.

foto: novochag.ru

Go‘yo tabiat uni aynan havoni tozalash uchun yaratgandek. Qizig‘i shundaki, havosi iflos xonada xlorofitum toza joyga qaraganda yanada yaxshi o‘sadi.

U formaldegidlarni ulkan miqdorda neytrallashtiradi. Agar uni oshxonaga qo‘ysangiz, yong‘in, gaz yonishidan chiqadigan barcha birikmalarni ham yuta oladi. Afsuski, gullari unchalik chiroyli emas, shu bois ayrim gul ixlosmandlari unga e’tibor bermaydi.

Sanseviyeriya  

Uni yana “Qaynona tili” ham deyishadi. Sanseviyeriya deb aytishga qiynalgandan ko‘ra, ushbu nom bilan atash bu gulni eslab qolishni osonlashtiradi.

foto: Freepik

Har qanday sharoitga juda chidamli, hatto og‘ir sharoitda ham yashay oladigan g‘aroyib o‘simlik. Sanseviyeriya nafas yo‘llariga ta’sir qiluvchi streptokokk bakteriyalariga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Demak allergiyani kamaytiradi. Barglarining katta yuzasi tufayli u ko‘p miqdorda kislorod ishlab chiqarib, havodan zaharli gaz, formaldegid, azotli birikmalar va boshqa uchuvchan moddalarni samarali o‘ziga tortadi. Shu xususiyatlari tufayli  u juda mashhur. Uy bekalari odatda bu gulni oshxonaga qo‘yadi, hatto parvarishi oson bo‘lgani uchun ishxonalarda ham ko‘plab uchratish mumkin.

Ammo ammiakka unchalik ta’sir qilolmaydi.

Dratsena

Bu gul nafaqat o‘zining g‘aroyib ko‘rinishi va jozibasi bilan, balki havoni tozalashi bilan ham xaridorgir.

foto: Freepik

U havodagi kimyoviy moddalarni neytrallashtiradi, xona havosini namlaydi, shu bois kasalxona, gavjum katta ishxonalarda ham o‘z o‘rniga ega.    

Geran

Bizning mamlakatda ko‘pdan beri ma’lum va mashhur bo‘lgan yana bir go‘zal gullaydigan uy guli bor, uning barglari g‘alati hidga ega.

foto: Freepik

Aslida bu hid o‘simlikdan chiqadigan fitonsidlar patogen mikroorganizmlarga zararli ta’sir ko‘rsatadi hamda hasharotlarni haydaydi. Lekin geran (pelargoniya) har bir uy gullari ishqiboziga mos kelavermaydi. Agar yengil bo‘lsa ham allergik simptomlarga shubha bo‘lsa — bu guldan voz kechish kerak.   

Spatifillum

“Erkak baxti” deb nomlangan bu o‘simlik oppoq gulga ega. U nafaqat chiroyli gullari, balki  zararli moddalarni samarali o‘zlashtirishi bilan ham qimmatga ega.

foto: Freepik

Mebel, turli bo‘yoqlar va uy tozalash vositalaridan chiqadigan formaldegid, benzol, trixloretilen kabi zararli moddalarni zararsizlantiradi. Barglaridan chiqadigan namlik hatto xona quruqligiga qarshi yaxshigina kurashadi. O‘simlik fitonsidlar chiqargani bois ba’zi bakteriyalar va mikroblarning o‘sishini sekinlatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring