Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qovunchi qishlog‘ida kuz (foto)

Qovunchi qishlog‘ida kuz (foto)

foto: Xabar.uz

Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani qishloqlari tog‘lar orasida joylashgan. Aholisi asosan chorvachilik va uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Har bir xonadonning katta-katta bog‘lari va uzumzorlari bor. Toklar boshqa joylardagidek ko‘tarib parvarishlanmaydi, balki yerda hosil soladi. Uzumlarni yertok usulida yetishtirishning o‘ziga yarasha mehnati bor. Masalan hosil yig‘ib olingach, toklarni qirqib ularni ko‘mish, ko‘milgan daraxt oralariga suv qo‘yish va bahorda har bir tokni ochish...

Mana shu jarayonni Qovunchi qishlog‘ida ham kuzatishingiz mumkin. Shu bugungi kunda har bir hovlidagi ko‘milgan toklar, mevali daraxtlar uyg‘unlashib ajoyib manzara hosil qilgan.

Go‘yoki bu qishloqda tabiatning o‘zi surat chizgan — rang-barang bargli daraxtlarni kimdir bo‘yoqqa botirib qo‘ygandek. Tongda quyoshning bosh ko‘tarishini kuzatish esa undan ham maroqli. Xuddi bir parcha olovdek, tabiatda hali bunday quyosh chiqishini kuzatmagan edim. Quyosh nafaqat yoritayapti, balki manzaraga o‘zining sirli nuri bilan hayot bag‘ishlayapti. Qishloqdagi har bir hovli, hatto sukunatning o‘zi ham shu ranglar ostida boshqacha tovlanmoqda. Shu ajoyib manzaralar meni o‘ziga tortib, bir necha suratga aylandi.

Qirqilgan toklar tandirga yoqish uchun har bir xonadonda mana shunday taxlab qo‘yiladi.

Har bir oilaning hovliyu bog‘lari mana shunday holda o‘ralgan, ya’ni uy hayvonlari tomonidan payhon qilinmasligi uchun, birortayam devor ko‘rmadim.

Qishloqda uylar bir-biridan ancha uzoqda joylashgan. Mana shu haqiqiy erkinlik emasmi aslida!

  

 

"Qo‘ylarimni boqish bahona oyog‘imning chigilini yozaman, — deydi otaxon, — anavi pastda ishlayotganlar esa mening farzandlarim, bu pastda ko‘rayotganingiz kichkina ulim (o‘g‘lim demoqchi)ning uyi, hayoti..."

Aytgancha, bu yerda ko‘pchilik bog‘ni hayot, deb ataydi...Juda ta’sirliya, majoziy ma’noda rostdan ham bu bog‘lar qishloq aholisining hayoti, umriga mazmun bag‘ishlaydi.

 

Aholining ichimlik suvi asosan baland tog‘lar tagidan chiqadigan buloqdan. Tok ko‘milgan ariqlarga taralayotgan suv ham buloqniki...

 

Bunaqa olifta qo‘riqchalarni juda ko‘p bog‘larda uchratasiz. Chunki uzumdan tashqari har bir xonadonda olma, o‘rik, yong‘oq, behi, bodom kabi mevali daraxtlar bor. Bu qo‘riqchilar sizni qishloqqa kirib kelayotganingizda kutib oladi va ketayotganingizda kuzatib qo‘yadi.

Qishloq odamlarining mehmondo‘stligi, beg‘uborligi, ahil-inoqligi va oqibati haqida esa boshqa safar...

 

                                                                                                   Suratlar muallifi Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring