Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramzan Qodirov rus generalidan tiz cho‘kib uzr so‘rashni talab qildi

Ramzan Qodirov rus generalidan tiz cho‘kib uzr so‘rashni talab qildi

Foto: RIA “Novosti”

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligining Chechenistondagi harbiy guruhlari sobiq qo‘mondoni, general-polkovnik Vladimir Shamanovni chechen xalqiga nisbatan shafqatsizligi uchun harbiy tribunalga tortishni talab qildi. Qodirovning keskin bayonotiga ayni paytda RF Davlat dumasi deputati lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan generalning Chechenistondagi shahar nomlarini o‘zgartirish tashabbusini tanqid qilgani sabab bo‘ldi.

“Grozny TV” xabar berishicha, Qodirov general Shamanovni “razil, qabih shaxs” deb atar ekan, Checheniston urushi davrida u chechen xalqiga shafqatsiz munosabatda bo‘lgani, jumladan, erkaklarni dalaga olib chiqib otib tashlaganini qayd etgan.

Ramzan Qodirov Telegramdagi rasmiy sahifasida ham Vladimir Shamanovga keskin murojaat yo‘llagan.

“Shamanov, senga shaxsan murojaat qilmoqdaman. Agar “vatanparvar” degan sifatga andak bo‘lsa-da da’vong bo‘lsa, tarafdorlaringni yig‘ va maxsus harbiy amaliyotning (Ukraina bosqini nazarda tutilmoqda – tahr.) oldingi saflariga ravona bo‘l. “Qobiliyat”ingni ko‘rsat. Tinch aholini tahqirlagan holda to‘plagan “boy tajribang”dan juda yaxshi xabarimiz bor. Dumada o‘tirib, o‘zingni “xalq himoyachisi” deya da’vo qilishga ma’naviy haqqing yo‘q... Sen tiz cho‘kishing va tinch aholi vakillarining o‘ldirilishi, talon-toroj va vayronkorliklar uchun chechen xalqidan uzr so‘rashing kerak!” – deb talab qilgan Ramzan Qodirov.

Checheniston rahbari, ayni choqda, Rossiyaga sodiqligini ham pisanda qilgan. Ya’ni u poytaxt Grozniyni marhum otasi Ahmad Qodirov sharafiga qayta nomlash taklif qilinganida bunga qarshi chiqqani va ruscha nomni saqlab qolganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25 sentyabr kuni Davlat dumasi Chechenistondagi uch shahar nomini o‘zgartirishga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Unga muvofiq, Sernovodskoye shahri Sernovodsk, Naurskaya shahri Nevr (chechen tilida shimol ma’nosida) va Shelkovskaya shahri esa Terek (shu hududdagi daryo nomi) deb ataladigan bo‘ldi. Davlat dumasining qo‘mita raisi o‘rinbosari, general-polkovnik Vladimir Shamanov bu tashabbusni “tarixiy nomlarni yo‘q qilish” deya tanqid qildi.

Ma’lumot o‘rnida: Qodirov tomonidan keskin qoralangan Vladimir Shamanov birinchi chechen urushi davrida – 1996 yilning aprel-iyul oylarida RF mudofaa vazirligining Chechenistondagi harbiy bo‘linmalariga boshchilik qilgan. Rossiya armiyasi uning qo‘mondonligida 1999 yil oktyabr oyida Chechenistonning Achxoy-Martan va Urus-Martan tumanlarini egallagan va poytaxt Grozniy yo‘li ochilgan edi. O‘sha yilga unga Rossiya Qahramoni unvoni berilgan.

Prezident Vladimir Putinning siyosati, jumladan, Ukraina bosqinini doimiy dastaklab kelayotgan Ramzan Qodirov gohida e’tirozli bayonotlar berib turadi. Jumladan, u avvalroq Rossiyada migratsiya siyosati qattiqlashayotganini qoralagandi.

Qodirov joriy yil aprel oyida RF Stavropol o‘lkasi Andropov okrugi ma’muriyati jamoat joylarda namoz o‘qishga taqiq joriy etganiga ham keskin e’tiroz bildirgandi.

Ikki kundan keyin (5 oktyabr) 49 yoshga kiradigan Ramzan Qodirov 2007 yildan buyon Chechenistonga rahbarlik qilib keladi. Chechen urushi davrida avval mustaqillik uchun kurashgan, keyin esa Rossiya tarafiga o‘tgan Qodirov ziddiyatli shaxs o‘laroq baholanadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring