Rossiyada migrantlarning xalqaro pul o‘tkazmalaridan soliq undirilishi mumkin
Rossiyaning «Spravedlivaya Rossiya» («Adolatli Rossiya») partiyasi deputatlari Davlat dumasiga migrantlardan har bir xalqaro bank o‘tkazmasi uchun 3 foiz miqdorida yig‘im undirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritdi. Bu haqda partiya yetakchisi Sergey Mironov «Gazeta.Ru»ga ma’lum qildi.
«Migrantlarning aksariyati Rossiyada hech qanday soliq to‘lamaydi, biroq mamlakatdan juda katta mablag‘larni olib chiqib ketadi va bu mablag‘lar Markaziy Osiyo davlatlari rivojiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya budjeti bu pul oqimidan bir tiyin ham olmayapti — na soliq, na yig‘im. Barcha foydani pul o‘tkazma tizimlari va banklar komissiyalar orqali olmoqda. Bu “xayriya”ga chek qo‘yish vaqti keldi», — dedi deputat.
Mironovning ta’kidlashicha, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining katta qismi migrantlar hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili Qirg‘izistonga rekord darajadagi 3,2 milliard dollar yuborilgan, O‘zbekistonga yo‘naltirilgan pul o‘tkazmalari hajmi esa 2025 yilda 15 milliard dollarga yetgan.
Deputatlar transchegaraviy pul o‘tkazmalari summasining 3 foizigacha bo‘lgan miqdorda majburiy yig‘im joriy etishni taklif qilmoqda.
«Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu qonun qabul qilinsa, budjet har yili qo‘shimcha 45 milliard rubldan ortiq mablag‘ oladi. O‘ylashimcha, bu pul ortiqcha bo‘lmaydi va, muhimi, bu safar budjetga tushadigan mablag‘ biznes yoki aholi hisobidan emas», — degan Mironov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter