Shavkat Mirziyoyev Rufat Risqiyevning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va qator rahbarlar o‘zbek boks maktabining atokli namoyandasi, jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, mashhur sportchi va murabbiy Rufat Risqiyevning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Rufat Risqiyev 1949 yil 2 oktyabrda Toshkent viloyatida shifokor oilasida tug‘ilgan. O‘quvchilik yillaridan boshlab sportning boks turiga mehr qo‘yib, tajribali ustozlar qo‘lida ta’lim olgan.
Ta’kidlanishicha, o‘zining betakror iste’dodi va yuksak texnik mahorati, kuchli irodasi va jangovor xarakteri bilan muxlislar e’tiboriga tushgan afsonaviy sportchi o‘z faoliyatini havaskor bokschi sifatida boshlab, keyinchalik respublika va dunyo miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etgan, qizg‘in va ayovsiz janglarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan.
Mohir sportchi 1976 yilda Monrealda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham jonbozlik ko‘rsatib, g‘oyat qiyin bellashuvlarda kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Risqiyev sobiq Ittifoq miqyosida 4 karra chempion bo‘lib, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi darajasiga yetgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi birinchi xalqaro professional boks hakami sifatida ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan.
Yorqin iste’dod va mahorat egasi bo‘lgan Rufat Risqiyev nafaqat respublika, balki jahon boks jamoatchiligi o‘rtasida ham katta hurmat-e’tibor qozongan. U «Toshkent yo‘lbarsi» degan sharafli nom bilan sport muxlislari va butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan.
«Ustoz sportchi o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini oshirishga murabbiy va hakam sifatidagi samarali faoliyati bilan ham beqiyos hissa qo‘shdi. Uning sport olamidagi sharafli yo‘li yurtimizdagi yosh sportchilar uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. R. Risqiyevning mamlakatimiz sportini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak taqdirlandi. U «El-yurt hurmati» va «Do‘stlik» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Butun hayotini bokschilik faoliyatiga bag‘ishlagan buyuk sportchi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rufat Risqiyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi hamdardlik xatida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter