Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tabiatga zarar yetkazganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi

Tabiatga zarar yetkazganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini joriy etish va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat, qurilish, transport va kommunal sohalardagi jadal rivojlanish tabiatga ta’sir etuvchi omillarni qat’iy nazorat qilishni, ekologik talablarga rioya etishni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. Qayd etilganidek, 2024-yilda 47 mingdan ziyod ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda ular soni 59 mingdan oshgan. Amaldagi tartibda jarimalar miqdori yetkazilgan ekologik zararga mutanosib emasligi sababli ba’zi korxonalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan ko‘ra, jarima to‘lab, faoliyatni davom ettirish qulayroq bo‘lib qolmoqda.

Shu bois, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi. Jumladan, daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy kesish, atmosfera havosiga belgilangan me’yordan ortiq tashlamalar chiqarish, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yish, chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish kabi holatlar uchun ta’sirchan moliyaviy choralar joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bu jarayonda ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirib, korxona aybini tan olgan holatlarda uni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llash, nizoli holatlarda esa masalani sud tartibida ko‘rib chiqish va hal etish tartibini joriy qilish taklif qilindi.  

Taqdimotda Ugom daryosining tabiiy muvozanatini tiklash va uning noyob tabiiy merosini saqlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Ugom daryosi va uning havzasi Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i tarkibidagi muhim ekologik hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘nlab noyob o‘simlik va hayvonot turlari, shu jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlar mavjud. Daryo Chirchiq havzasining suv ta’minotida ham muhim o‘rin tutadi.

Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda Ugom daryosida suv sarfi kamayib, suv sifatiga ta’sir etuvchi omillar ko‘paygan. Bu holat qirg‘oqlarning yemirilishi, fauna va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, bioxilma-xillik qisqarishi xavfini oshirmoqda.

Shu bois, Ugom daryosi va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilish, sohilbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizimga ta’sir ko‘rsatuvchi qurilish va yer ishlarini cheklash taklif etildi. Shuningdek, suv muhofaza zonalaridagi obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning suv sifati va biofaunaga ta’sirini baholash vazifalari belgilandi. Ekologik talablarga javob bermaydigan faoliyatlarni to‘xtatish yoki boshqa joyga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Qolaversa, daryoning gidrologik va ekologik holatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha «Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash» master rejasini ishlab chiqish, sohilbo‘yi va muhofaza zonalarida yer degradatsiyasining oldini olish uchun daraxt va butalar ekish ko‘zda tutilgan.

Chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar ham atroflicha tahlil qilindi. 2025-yilda sanitar tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88 foizga yetdi, sohaga maxsus texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berildi, 132 ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirildi, 47 ta poligon faoliyati to‘xtatildi.

Joriy yilda sanitar tozalash korxonalariga qo‘shimcha maxsus texnika va konteynerlar yetkazib berib, qamrovni 90 foizga yetkazish, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish, 2030-yilga borib, poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish, saralash va qayta ishlash hajmini oshirish, poligonlarga tushadigan yuklamani qisqartirish muhimligi ta’kidlandi. 2026-yilda 28 ta, 2030 yilgacha esa 70 ta qayta yuklash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.

Maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarining borishi to‘g‘risida ham axborot berildi. Umumiy qiymati 933 million dollar bo‘lgan 6 ta zavodni qurish ishlari Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Bu zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichda 633 million dollarlik yana 5 ta zavod qurish bilan bog‘liq ishlarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

Xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilindi. Navoiy viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur investitsiya loyihasi doirasida xavfli chiqindilarni laboratoriyada tavsiflash, maxsus poligon tashkil etish, chiqindilardan RDF yoqilg‘i ishlab chiqarish, fizik-kimyoviy va termik qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Loyiha qiymati 260 million dollar bo‘lib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi. Uning amalga oshirilishi ekologik barqarorlikni ta’minlash, yangi standartlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, 2017-yilda qurilish chiqindilari hajmi 1,2 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 1,9 million tonnaga yetgan.

Shu munosabat bilan qurilish chiqindilarini «hosil bo‘lishdan utilizatsiyagacha» bo‘lgan jarayonini to‘liq nazorat qiladigan raqamli platforma yaratish, chiqindilar harakatini GPS orqali real vaqt rejimida kuzatish, poligonlarda saralash va qayta ishlash komplekslarini tashkil etish taklif etildi.

Shuningdek, qurilish obyektlarini qabul qilishda chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma shartlari bajarilganini majburiy talab sifatida belgilash, noqonuniy tashlash holatlarini foto va video qayd etish orqali aniqlash hamda javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Taqdimotda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlash bo‘yicha loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan,«Farg‘ona» milliy tabiat bog‘i tarkibidagi «Yozyovon» tabiat yodgorligi hududini muhofaza qilish, dendrologik bog‘ tashkil etish, kuzatuv minoralari, maxsus dronlar va raqamli monitoring tizimlari orqali nazoratni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Ushbu hududda tashrif markazi tashkil etish, piyoda sayr marshrutlari, qushlarni kuzatish maydonlari, foto va panorama nuqtalari, ilmiy-ma’rifiy ekskursiyalar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, «Ovjazsoy – Moviy tog‘lar» milliy tabiat bog‘i hududida ham ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan obyektlar barpo etish takliflari ko‘rib chiqildi. Bunda tabiiy manzaralar va tog‘ ekotizimlarini asrab-avaylagan holda sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Taqdimotda joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «ECO EXPO Central Asia 2026» xalqaro ko‘rgazmasi va Global ekologik jamg‘armaning 8-Assambleyasiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

Global ekologik jamg‘arma 186 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan yirik xalqaro moliya instituti bo‘lib, O‘zbekiston unga 1995-yilda qo‘shilgan. Assambleyaning Samarqandda o‘tkazilishi Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan yirik ekologik anjuman bo‘ladi. Tadbirda 186 davlatdan 2,5 ming nafar ishtirokchi, 40 ta donor davlat, 50 dan ziyod nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

«ECO EXPO Central Asia 2026» ko‘rgazmasi esa mahalliy sanoat, hokimliklar, xalqaro moliya institutlari, innovatsion «yashil» texnologiyalar provayderlari va investorlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, tabiatni muhofaza qilish sohasida nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, chiqindilarni boshqarishda zamonaviy tizimlarni joriy etish, suv resurslari va bioxilma-xillikni asrash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni ilmiy asosda rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring