Tadbirkorlar endi ba’zi hollarda mansabdorlarni biznesini tekshirishiga ruxsat bermasligi mumkin
Prezidentning 2026-yil 17-apreldagi PF–63-son Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-avgustdan boshlab «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida «Biznes himoya» QR-kodi joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti tomonidan nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsiga Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish elektron kitobini taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi.
Endilikda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi tekshiruvni boshlashdan oldin «Yagona davlat nazorati» axborot tizimining mobil ilovasi orqali tadbirkorlik subyektidagi «Biznes himoya» QR-kodini skanerlab, tekshiruvni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Davlat xizmatchilari «Biznes himoya» QR-kodi orqali tekshiruv yoki muloqot haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritmagan taqdirda, tadbirkorlik subyektlari ularni tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik va muloqotga kirishmaslik huquqiga ega bo‘ladi.
Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi yoki davlat organining boshqa mas’ul xodimi ushbu talablarga rioya etmasa, bu tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish sifatida baholanadi.
Farmonga muvofiq, Biznes-ombudsman Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar, birinchi navbatda, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlarini «Biznes himoya» QR-kodi bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-iyulga qadar Farmon talablaridan kelib chiqib, «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi hamda uning mobil ilovasini takomillashtirishi belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter