Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi ishlab chiqildi

Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka imtiyozlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, bunday xodimlarga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Mazkur imtiyoz Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi qarorida belgilangan.

Hujjatga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu jarayonni tashkil etish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanadi. Barcha jarayonlar maxsus axborot tizimi orqali avtomatlashtiriladi.

Ipoteka subsidiyalari har yili choraklar bo‘yicha teng taqsimlanadi. Ariza beruvchilar davlat xizmatlari markazlari orqali yoki elektron platformada ro‘yxatdan o‘tib murojaat qilishi mumkin.

Arizalarni qabul qilishda yagona mezon qo‘llaniladi. Ya’ni, nomzod hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgan bo‘lishi va kamida 15 yil ish stajiga ega ekani tasdiqlanishi shart.

Har bir shaxs bir chorak davomida faqat bitta ariza topshirishi mumkin. Qabul jarayoni chorakning oxirgi ish kuni belgilangan vaqtda avtomatik ravishda yakunlanadi.

Subsidiya oluvchilar tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi. Har chorakda belgilangan kvota doirasida 125 nafar ishtirokchi “g‘olib” sifatida tanlab olinadi.

Tanlov jarayoni onlayn tarzda o‘tkazilib, uning shaffofligini ta’minlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilinadi. Barcha natijalar elektron shaklda ishtirokchilarga yetkaziladi. G‘oliblar 6 oy davomida ipoteka shartnomasi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring