Toshkentda bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent shahrining Mirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida olib borilgan qurilish ishlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida avval «Mahalla» xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik «Al-Latif Hearts Tower» MChJ tasarrufiga o‘tkazilgani hamda rekonstruksiya va qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun tegishli ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Biroq, «Lolazor» mahallasi aholisi mazkur hududda yangi bino qurilishiga qarshilik bildirgan. Shuningdek, «Mahalla» xayriya jamoat fondi bilan investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi ham bekor qilingan.
Shunga qaramay, 2026 yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan 2026 yil 27 iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan «Al-Latif Hearts Tower» MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter