Toshkent shahri dizayn kodi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Joriy yilning 25-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi komissiyasi yig‘ilishida shahrimizning yangi dizayn-kodi loyihasi ko‘rib chiqilgan.
Dizayn-kod loyihasi Ilovalari ayni vaqtda regulation.gov.uz portalida keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Toshkent shahrining dizayn-kodi Citymakers International va Toshkent Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hujjat yaxlit, qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, poytaxtdagi binolar va jamoat joylarining tashqi ko‘rinishi uchun yagona va tushunarli qoidalarni belgilaydi, shuningdek, shahar muhitining yangi madaniyatini - jonli, tartibli va ko‘rkam ko‘rinishni shakllantiradi.
Qayd etilishicha, Citymakers International kompaniyasi yirik shaharlar va aglomeratsiyalarda, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH davlatlari hududlarida shunday yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribaga ega. Bu esa Toshkentning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda eng yaxshi xalqaro va mintaqaviy amaliyotlarni moslashtirish imkonini berdi.
Dizayn-kod — bu poytaxtni yanada qulay, xavfsiz va estetik jihatdan go‘zal qilishga qaratilgan qoidalar to‘plami hisoblanib, loyiha quyidagi asosiy yo‘nalishlarni tartibga soladi:
- binolar arxitekturasi – fasadlar, ranglar va materiallar uyg‘unligi;
- tashqi reklama – peshlavhalarning o‘lchami, shrifti va joylashuvi;
- obodonlashtirish – trotuarlar, yoritish tizimlari, o‘rindiqlar va ko‘kalamzorlashtirish;
- tarixiy muhit – madaniy meros obektlarini asrab qolish.
Alohida ta’kidlanishicha, hujjat vizual tartibga solishdan tashqari, yondosh hududlardan oqilona va tartibli foydalanish masalalarini ham qamrab oladi, shuningdek, ijtimoiy va shahar ahamiyatini hisobga olgan holda alohida rejimli sayyohlik ko‘chalari ro‘yxatini belgilaydi.
Dizayn-kodning joriy etilishi tadbirkorlik faolligining qo‘shimcha o‘sishi, yondosh hududlardan yanada samarali va qonuniy foydalanish, biznes va aholi daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratadi, shuningdek, shahar muhitining qulayligi va xavfsizligini oshiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter