Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlash takomillashtirilmoqda

Toshkent viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlash takomillashtirilmoqda

13-avgust kuni Toshkent viloyati Xalq qabulxonasiga media-tur tashkil etilib, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimidagi yangiliklar, joriy yilning birinchi yarmidagi murojaatlar statistikasi hamda fuqarolar muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, viloyat Xalq qabulxonasi fuqarolarning murojaatlarini qulay tarzda bayon etishi va qabulga kirishi uchun zamonaviy usulda tashkil etilgan. Shu yerda viloyatdagi vaziyatni onlayn kuzatish, mahallalardan kelib tushayotgan shoshilinch murojaatlarga tezkor javob berish va ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida viloyat vaziyatlar markazi ham tashkil etilgan.

Bino kirish qismida fuqarolarni sun’iy intellekt gologrammasi kutib oladi. U savol beruvchilarga huquqiy maslahat berish bilan birga, murojaatchini tegishli mutaxassisga yo‘naltiradi.

Elektron navbat olishda qiynalgan fuqaroga Xalq qabulxonasi mutaxassisi yordam beradi. Fuqarolar viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosarlari qabuliga infokiosk orqali yozilishi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarga videomurojaat qoldirishi mumkin.

Xalq qabulxonasida murojaatlarni tahlil qilish va hisobotlarni yuritish uchun diagnostika markazi ham tashkil etilgan. Zarur hollarda muammolarni joyiga chiqib o‘rganish uchun mutaxassislar, «mahalla yettiligi» a’zolari va yoshlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezidentning 2026-yil 1-apreldagi «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-51-sonli Farmoni bilan murojaatlar bilan ishlash tizimida yangi tartiblar joriy etilmoqda.

Jumladan, 1-maydan boshlab murojaatlar «shoshilinch», «odatiy» va «maslahat talab qiluvchi» toifalarga ajratilib, ularning ijrosi ustidan vaqt nazorati o‘rnatildi. Davlat organlarining reytingi ham murojaatlarni hal etish samaradorligi asosida ochiq e’lon qilib borilmoqda.

Endilikda fuqaro bilan gaplashmasdan turib murojaatni yopib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, tez orada murojaatchiga uning murojaati qaysi bosqichda ekani, kim tomonidan ko‘rib chiqilayotgani va natijasi haqida SMS-xabarnoma yuborish xizmati ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring